Marosimda “Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva, UNICEF ijrochi direktori oʻrinbosari Ted Chaiban, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova, Yoshlar ishlari agentligi direktori oʻrinbosari Dilnozaxon Kattaxonova, BMT tuzilmalari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Maʼlumot uchun, Markaziy Osiyo yoshlar ekologik oromgohi 1-5-oktyabr kunlari Samarqand shahrida Barqaror rivojlanish madaniyatini ilgari surish hamda bolalar va yoshlarni iqlim kun tartibiga jalb qilish boʻyicha Markaziy Osiyo strategiyasini ishlab chiqish maqsadida tashkil etildi.
Oromgohda 5 ta mamlakatdan kelgan 60 nafar ekofaol, olimlar va xorijiy tashkilotlar vakillari Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanish madaniyatini rivojlantirish strategiyasini muhokama qilishdi.
Shuningdek, eko-oromgoh doirasida “Eko-Zakovat” intellektual oʻyini oʻtkazildi.
Taʼkidlash joizki, eko-oromgohda yosh ekofaollar dunyoni yanada yaxshiroq qilish, ekologiyani asrash yoʻlida birlashishdi. Xususan, Ekologiya vazirligi huzurida Yoshlar qoʻmitasini tashkil etish, ishlab chiqilgan qoidalar va atrof-muhit dasturlari boʻyicha ovoz berish hamda fikr bildirish imkoniyatini yaratish, ishga joylashish va universitetga kirish vaqtida volontyorlik faoliyatini hisobga olish, yoʻqolgan oʻsimliklarning oʻrnini qoplash, aholi, ayniqsa, yoshlarning ekologik madaniyatini yuksaltirish uchun sunʼiy oʻrmonlar barpo etish, ekostartaplarni moliyalashtirish orqali zararli chiqindilarni kamaytirish, elektromobillar ishlab chiqarishni koʻpaytirish va yoqilgʻida harakatlanuvchi transport vositalarining katalizatorlarini yaxshilash kabi muhim takliflarni ilgari surishdi.
Eko-oromgoh yakunida “Ipak yoʻli” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti hududida daraxt koʻchatlari oʻtqazilib, esdalik nishoniga imzo chekildi.
Markaziy Osiyo yoshlar ekologik oromgohidan asosiy maqsad yoshlarning iqlim oʻzgarishlariga qarshi kurashishdagi rolini eʼtirof etish, yosh eko-faollarga ekologik taklif va tashabbuslarni ilgari surish uchun platforma taqdim etish hamda Markaziy Osiyoda yoshlar ekologik harakatini integratsiya qilishdan iborat.









