Mamlakatimizning kelgusidagi jadal taraqqiyoti isteʼdodli yoshlarni aniqlash, tanlab olish va oʻqitish, ularning intellektual imkoniyatini namoyon etishiga yordam beruvchi koʻp tarmoqli taʼlim muhitini yaratishni talab etadi. Shu maʼnoda, xalqaro fan olimpiadalari va nufuzli bellashuvlar yurtimiz oʻgʻil-qizlarining salohiyatini roʻyobga chiqaruvchi, iqtidorini sayqallovchi platforma vazifasini oʻtaydi. Nufuzli musobaqaning mamlakatimizda oʻtkazilishi esa bu borada mavjud tajribaning dunyo ilmiy jamoatchiligi tomonidan tan olingani dalolatidir.

Kimyo fani boʻyicha Xalqaro Mendeleyev olimpiadasi yuqori sinf oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkaziladigan dunyodagi eng nufuzli bellashuvlardan sanaladi. YUNESKO tomonidan kimyo boʻyicha maktab oʻquvchilari uchun xalqaro olimpiadaga tenglashtirilgan mazkur yagona fan olimpiadasi 1948-yili tashkil etilgan. Uning ahamiyati kimyo olimpiadalarini yanada rivojlantirish muammolariga bagʻishlangan xalqaro yigʻilishda ham alohida taʼkidlanib, maktab oʻquvchilariga kimyo fanini professional oʻrganishga yordam beradigan mintaqalararo hamkorlikning eng yaxshi namunasi sifatida qayd etilgan.

2004-yildan Xalqaro Mendeleyev olimpiadasi ishtirokchilari safiga Bolgariya, Makedoniya va Ruminiya jamoalari, 2012-yildan Vengriya, Turkiya va Saudiya Arabistoni qoʻshildi. 2016-yilda olimpiadada ilk bor Isroil, Moʻgʻuliston va Nigeriya jamoalari ham qatnashdi. 2019-yilda 30 ta davlat, jumladan, Ukraina, Gruziya, Isroil, Saudiya Arabistoni, Avstriya va Xitoy kabi davlatlarning ishtiroki tasdiqlangan.

Har yili turli davlatlarda tashkil etiladigan olimpiadada 30 ga yaqin davlat vakillari qatnashadi.

— Yurtimiz bu nufuzli, katta tarixga ega olimpiadaga uchinchi bor mezbonlik qilmoqda. B unday ishonch bizga faxr bagʻishlash bilan birga, zimmamizga katta masʼuliyat ham yuklaydi, — dedi Prezident taʼlim muassasalari agentligi rahbari Hilola Umarova. — Zero, yosh avlodning ilm-fan sirlarini mukammal egallashi uchun keng imkoniyat yaratish, zamonaviy va sifatli taʼlim berish orqali Vatanimiz ravnaqiga hissa qoʻshish, Yangi Oʻzbekiston yoshlarining xalqaro miqyosda katta yutuqlarga erishishiga zamin hozirlash asosiy burchimizdir. Bunday olimpiadalarda eng iqtidorli oʻquvchilarni kashf etamiz. Shu jarayonda ularni saralab, kuchli mutaxassis etib imkoni yuzaga keladi.

56-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasi bu yil uch bosqichda tashkil etilmoqda. Ishtirokchilar ikki bosqichda kimyo boʻyicha nazariy, uchinchi bosqichda esa amaliy laboratoriya mashgʻulotlari orqali bilimini sinovdan oʻtkazadi. Bu gal Vatanimiz sharafini 12 nafar vakilimiz himoya qiladi.

Olimpiada bellashuvlari poytaxtimizdagi Muhammad al-Xorazmiy hamda Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktablarda boʻlib oʻtadi. Ularda musobaqani yuqori saviyada oʻtkazish uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilgan. Tanlovning uchinchi bosqichi uchun laboratoriyalar kerakli jihozlar bilan taʼminlandi.

— Mamlakatimiz ushbu olimpiadada 2008-yildan ishtirok etib kelmoqda. 2008-2021-yillarda yurtimiz vakillari 84 ta medalni qoʻlga kiritgan. Shundan 29 tasi oxirgi besh yillikka toʻgʻri keladi, — dedi Oʻzbekiston jamoasi rahbari Ortiqboy Eshonqulov. — Jumladan, oʻtgan yili 20-26-aprel kunlari kimyo fani boʻyicha onlayn oʻtkazilgan 55-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida Vatanimiz sharafini himoya qilgan oʻquvchilarimiz 1 oltin, 4 kumush va 2 ta bronza medal bilan taqdirlangan. Dunyoga salohiyatini namoyon etayotgan yangi Oʻzbekiston yoshlarining xalqaro miqyosda erishayotgan shu kabi yutuqlari zamirida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan taʼlimga qaratilayotgan yuksak eʼtibor turibdi.

Ekspertlarning taʼkidlashicha, Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida beriladigan topshiriq va vazifalar oʻquvchilar uchun murakkablik qilsa-da, juda qiziqarli. U kimyo fanidan oʻtkaziladigan boshqa milliy olimpiadalardan farq qiladi. Asosiysi, dastur va tayyorgarlik boʻyicha vazifalar toʻplamining yoʻqligidir. Shu sababli ishtirokchilar kimyoning turli sohalarini puxta bilishi kerak. Xalqaro Mendeleyev olimpiadasi topshiriqlari bellashuvda ishtirok etuvchi davlatlarning yetakchi olim va kimyo oʻqituvchilaridan iborat doimiy faoliyat koʻrsatuvchi uslubiy komissiya tomonidan tayyorlanadi. Musobaqa dasturi yildan-yilga yangi uslubda tuzilgan, noodatiy va qiziqarli mavzulardagi masalalar bilan boyitib borilmoqda. Bu uning nufuzi va davomiyligini taʼminlaydi.

— Bu kimyo fani boʻyicha bellashuv uzoq davom etgan pandemiyadan soʻng ilk bor oflayn tarzda tashkil etilayotir, — dedi Xalqaro Mendeleyev olimpiadasi tashkiliy qoʻmitasi raisi, Rossiya Fanlar akademiyasi muxbir aʼzosi Stepan Kalmikov. — Ikki yil onlayn formatda tashkil etilgan olimpiadadan soʻng yuzma-yuz koʻrishish nasib etdi. Oʻzbekiston mazkur nufuzli olimpiadaga mezbonlik qilish masʼuliyatini oʻz zimmasiga olgani uchun davlatingiz rahbariga minnatdorlik bildiraman. Olimpiadaga puxta hozirlik koʻrilgan, shart-sharoit aʼlo darajada. Jamoalar haqida gapirsam, ular bu yil juda kuchli tarkibda ishtirok etyapti. Xususan, Oʻzbekiston jamoasi ham mehmonlar uchun munosib raqib boʻla oladi. Oʻylaymanki, mazkur musobaqa koʻplab boʻlgʻusi kimyogarlarni ilm-fan choʻqqisi sari boshlaydi hamda ularning yetuk, malakali kadrlar boʻlib yetishishiga xizmat qiladi.

Xalqaro Mendeleyev olimpiadasining yana bir alohida jihati bor, yaʼni uning uslubiy komissiyasi va hakamlar hayʼati tarkibiga professor-oʻqituvchilar bilan bir qatorda oldingi olimpiadalarda gʻolib boʻlgan talabalar va aspirantlar ham kiritiladi. Bu anʼanani saqlashga yordam beradi hamda kelgusi yillardagi davomiylikni taʼminlaydi.

10-15-may kunlari boʻlib oʻtadigan olimpiada dasturidan koʻplab qiziqarli taqdimotlar, shuningdek, yurtimizning diqqatga sazovor joylariga, tarixiy obida va muzeylarga sayohat ham oʻrin olgan.

Risolat MADIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri