Dunyoning eng qashshoq prezidenti 90 yoshida vafot etdi

    Voqea-hodisalar 14 May 2025 971

    Dunyoning eng qashshoq prezidenti sifatida tanilgan Urugvay sobiq rahbari Xose Muxika 90 yoshida vafot etdi.

    Bu haqda amaldagi davlat rahbari Yamandu Orsi maʼlum qildi.

    Chuqur qaygʻu bilan shuni maʼlum qilamizki, hamkasbimiz Xose Muxika vafot etdi. Prezident, aktivist, yetakchi... Bizga bergan hamma narsangiz va xalqingizga boʻlgan chuqur muhabbatingiz uchun tashakkur, deb yozdi u X ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida.

    Urugvay hukumati mamlakatda 16-maygacha motam eʼlon qildi. Mamlakat ichki ishlar vaziri Karlos Negro dafn marosimida xorijiy delegatsiyalar ishtirok etishiga umid bildirdi.

    Xose Muxika 1935-yil 20-mayda tugʻilgan. Yoshligida Tupamaros soʻl radikal partizan harakati aʼzosi boʻlgan va buning uchun 14-yil harbiy qamoqxonalarda oʻtirgan. U 2010—2015-yillarda Urugvay prezidenti lavozimida ishlagan, soʻngra mamlakat parlamentiga saylangan. 2018-yil avgust oyida u vakolatlari 2020-yilda tugashiga qaramay, isteʼfoga chiqish toʻgʻrisidagi arizasini yozgan. Sobiq prezident buning sababini “uzoq yoʻldan charchagani” bilan izohlagan.