Dunyoqarashlar oʻzgarib, yurtga muhabbat ulgʻaymoqda

    Yaqinda Qoraqalpogʻis­ton Respublikasida masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar hamkorligida “Jasorat maktabi” oʻquv-yigʻini tashkil etildi. Bu tadbir jasoratli, matonatli, shijoatli yoshlarni yuzaga chiqardi.

    Quyida ularning taassurotlari ­bilan oʻrtoqlashamiz.

    Oʻzgarishim kerak!

    — Oʻn sakkiz yoshdaman. Televideniye­da tengdoshlarim erishgan yutuqlarni koʻrib, havas qilardim. Shunda oʻzim ham harakat qilsam, ulardek boʻlishga kuchim yetadi-ku, degan qatʼiy ahd paydo boʻldi.

    Oʻzgarishim kerak! Toki odamlar, tengdoshlarim menga ham havas bilan qarasin. Mana shu maqsadimga erishishda “Jasorat maktabi” oʻquv-yigʻini katta kuch, ruhiy madad berdi. Hayotiy qarashlarimni tubdan oʻzgartirib yubordi. Bu yerda kimki maqsad qoʻyib, olgʻa intilsagina, natijaga erishishi mumkinligini angladim, — deydi ­Saken Qilishboyev.

    Bemaqsad va besamar ketgan yillar haqida oʻyladim

    — “Jasorat maktabi” oʻquv-yigʻini davomida taniqli insonlar bilan uchrashdik, tadbirkorlar bilan suhbatlashdik, malakali psixologlar treninglarida qatnashdik.

    Oʻn kun harbiylar hayotida yashadik. Bu juda qiziq edi. Yigʻinga kelganimdan bir necha kun oʻtib, mulohaza qildim, bemaqsad va besamar ketgan yillar haqida oʻyladim. Ishsizlar safida kunlik ishlarni bajarib yurardim. Boʻsh vaqtim juda koʻp boʻlgan ekan, yillar ortga qaytmaydi, lekin bugun ham kech emasligini tushundim. Oʻqishga kirib, yurtim ravnaqi yoʻlida xizmat qilish maqsadini oldimga qoʻydim. Harbiy qismda menga bildirilgan ishonchni oqlayman, — deydi Rasul Risnazarov.

    Vatan himoyachisi boʻlaman!

    — Harbiy kiyimning ham salobati bor ekan, ulardek boʻlishga harakat qilar ekansan. Yurt kelajagi, tinchligi sening zimmangda goʻyo. Men oʻzimni haqiqiy harbiydek his etdim.

    Generallar biz bilan juda samimiy suhbatlashdi. Mudofaa vaziri oʻrinbosari va harbiy okrug qoʻmondonining har bir soʻzi pandu nasihatga yoʻgʻrilgan. Ulardan hayotimiz uchun muhim xulosalar oldik.

    Okrug qoʻmondoni “Yulduzingiz soʻnmasin. Yulduz nima? Orzu. Orzular qiling, yaxshi yashash va yaxshi nom qoldirishga intiling!”, deya bizga hayotbaxsh gaplarni aytganida, ichimda gʻalayon turdi. Bolalikdagi orzum yana qaytadan zabt etdi. Men, albatta, Vatan himoyachisi boʻlaman, — deydi Serdar Tagiyev.

    Meni ishga taklif qilishdi

    — Harbiy qismga kelgan kunim qaytib ketmoqchi ham boʻldim. Harbiycha hayotda yashash qiyin boʻlsa kerak, deb oʻylagandim. Unday emas ekan. Toʻgʻri, bir oz uyquchiman. Erta tongdan uygʻonish qiyin boʻldi, lekin tartibga moslashdim.

    Ertalabki badantarbiya va sogʻlomlashtirish mashqlarida faolligim oshdi. Favqulodda vaziyatlar vaziri kubogi uchun boʻlib oʻtgan voleybol musobaqasida faol ishtirok etgan edim, meni vazirlik tizimiga ishga taklif qilishdi. Kutilmagan taklif quvontirib yubordi. Yigʻinda ochilmagan qirralarimiz namoyon boʻldi. Inson har nega qodir ekan, faqat xohish, iroda, sabr va harakat boʻlsa bas, — deydi Odilbek Mamutov.

    Telefon oʻyinlari va ijtimoiy tarmoqlar hislarni oʻtmaslashtirib qoʻyar ekan

    — Sheʼr yozishni mashq qilib turaman, keyin uni gitara ohangida xirgoyi qilish ishtiyoqi kuchli. Lekin uch yilcha boʻldi, bu ishtiyoq ham soʻna boshlagan edi. Sababini aniq bilmayman, hozir anglashimcha, telefon oʻyinlari va ijtimoiy tarmoqlar hislarni oʻtmaslashtirib qoʻyar ekan chogʻi. “Jasorat maktabi”ga kelishim bilan ilhomlandim. Harbiycha hayot haqida sheʼr yozdim.

    Oʻn kunlik yigʻinda qayta tugʻilgandek ichki dunyom yangilandi. Vaqt qadrini angladim. Endi maqsadlarim aniq va dadil. Meni birov tinglamaydi, deb oʻylardim. Bu yerda men bilan ham fikrlasha boshlashdi, qolaversa, oʻz fikrimni jamoaga ayta olyapman.

    “Jasorat maktabi” meni jasoratli boʻlishga oʻrgatdi, — deydi Salomat Pirjonov.

    * * *

    “Jasorat maktabi” oʻquv-yigʻini ishtirokchilarining taassurotlari, oʻy-fikrlari, orzu-umidlari bilan tanishdingiz. Har biri boshqa dunyo.

    Harbiy qismdagi oʻn kunlik hayot tarzi yoshlar dunyoqarashini butkul oʻzgartirib yuborganini ularning mulohazalaridan ham sezish qiyin emas. Shunda Prezidentimizning Vatan himoyachilariga bayram tabrigida aytgan fikri yodga tushadi: “Harbiy-jangovar salohiyat va yuksak maʼnaviy salohiyat Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarining ikki buyuk tayanchiga aylanishi zarur. Shonli tariximiz, buyuk ajdodlarimiz, yengilmas sarkardalarimiz jasorati, ularning “Bilagi zoʻr — birni yengar, ongi va yuragi zoʻr esa — mingni”, degan dono oʻgitlari bizga aynan mana shunday hayotiy haqiqatni uqtiradi”.

    Darhaqiqat, harbiy qismda Saken, Rasul, Serdar, Odilbek va Salomat kabi yoshlarning shaxdu shijoatini kuzatar ekanmiz, shu ikki buyuk tayanch tobora mustahkamlanib borayotganiga amin boʻlamiz.

    Shohista Abdurahmonova,

    Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati

    Bosh mutaxassisi