Mehmonlarni qarshi olgan Sardor Abdullayev konstruktiv muloqotga tayyorligini bildirib, “Raqamli Toshkent” loyihasi va uning tarkibiy qismlari — geoportal, tahlil va boshqaruv, “Xalq nazorati” tizimlari haqida soʻzlab berdi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining topshirigʻi bilan “aholi qulaylik indeksi”ning faol ishlab chiqilayotganini maʼlum qildi.

Bahrom Mansurov iliq qabul uchun minnatdorlik bildirib, mezbonlarni «Dushanbexadamotnakliyot» davlat muassasasi, “Smart city” DUK, “Sarfaroz” va “Vatan IKT” kompaniyalarining rahbar xodimlaridan iborat ishchi guruh bilan tanishtirdi.

Mehmonlar hozirgi kunda Tojikiston poytaxtida zamonaviy Data va vaziyatlar markazlarini qurish ishlari, jamoat transporti sohasida yoʻlovchilar oqimi va yoqilgʻi sarfini nazorat qilish hamda shaharda qatnaydigan avtobus va trolleybuslar marshrutini GPS-kuzatish imkoniyatini oʻz ichiga olgan modernizatsiya ishlari jadal ketayotganini soʻzlab berdi. Dushanbedagi 50-maktabda bizdagi Kundalik tizimi singari E-Donish tizimi sinov tariqasida ishga tushgani, u bosqichma-bosqich shaharning barcha maktablarida joriy etilishini maʼlum qildi.

Tojikistonlik vakillar faol tajriba almashinuviga, “Raqamli Toshkent” va Kundalik tizimlarini joriy qilish jarayonini, ehtimolli qiyinchiliklar va kamchiliklarni batafsil oʻrganishga qiziqish bildirdilar. Mehmonlar 2021-yil iyun oyida delegatsiya tashrifi chogʻida qurilish jarayonida boʻlgan, hozir esa ishga tushgan Vaziyatlar markazining ishi bilan batafsil tanishtirilib, uning imkoniyatlari haqida maʼlumotga ega boʻldilar. Ular eʼtiboriga Toshkentning raqamli xaritasi mahallalar, iqtisodiy hududlar va hokazolar kesimida namoyish etildi.

Hokimlikning Raqamli rivojlanish departamenti vakillari mehmonlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berib, barcha jabhalarda hamkorlikni davom ettirishga tayyorliklarini bildirdilar, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.