Dushanbe shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollarining muloqoti boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 15 Sentabr 2023 1189

    Joriy yil 14-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi delegatsiya Tojikistonning Dushanbe shahrida “Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishiga moslashish sharoitida gender tengligiga erishish” mavzusida oʻtkazilgan Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqotining navbatdan tashqari yigʻilishida ishtirok etdi.

    Taʼkidlash lozim, tadbir Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining navbatdagi, beshinchi Maslahat uchrashuvi doirasida tashkil etildi.

    Maʼlumot tariqasida: mintaqaviy platforma hisoblangan Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqotiga 2020-yil dekabr oyida Oʻzbekiston tashabbusi bilan asos solingan. 2021-yilda muloqotga mamlakatimiz raislik qilgan edi.

    Tadbirda Qozogʻiston parlamenti Spikeri oʻrinbosari, Qirgʻiziston Joʻgʻorqu Kenesh Toragʻasi oʻrinbosari, Tojikiston va Turkmaniston deputatlari, davlat organlari rahbarlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari hamda diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi. BMT Xavfsizlik Kengashining Terrorizmga qarshi kurash qoʻmitasi Ijroiya tuzilmasi rahbari va Bosh kotibning maxsus vakili Natalya German videomurojaat qildi.

    Yigʻilishda iqlim oʻzgarishi sharoitida gender tengligiga erishish hamda barcha ayol va qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha kelgusi konstruktiv hamkorlikni taʼminlaydigan platforma yaratish hamda dolzarb muammolarning samarali yechimiga qaratilgan strategiya va dasturlarni ishlab chiqish kabi masalalar muhokamalar markazida boʻldi. Tomonlar fikrlar, maʼlumotlar va tajriba bilan almashdi.

    Senat Raisi Tanzila Narbayeva oʻz soʻzida hozirgi vaqtda Markaziy Osiyo dunyoning boshqa koʻplab mintaqalariga qaraganda global iqlim oʻzgarishining salbiy taʼsirini koʻproq boshdan kechirayotganini, bu oʻz navbatida suv resurslari tanqisligini, muzliklarning erishini va choʻllanish jarayonlarini tezlashtirayotganini qayd etdi.

    “Orol dengizining qurishi va qurigan tubida Orolqum tuzli choʻlining paydo boʻlishi mintaqada kompleks ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni keltirib chiqardi. Aynan shu sababli BMT Bosh Assambleyasi Orol fojiasini zamonamizning global ekologik muammosi sifatida tan oldi”.

    T.Narbayeva Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqoti faoliyatiga ham toʻxtaldi. “Ushbu tuzilma gender tengligini taʼminlash borasida talab yuqori boʻlgan takliflarni ishlab chiqishda muhim platformaga aylandi. Qisqa vaqt ichida Muloqot, avvalambor, davlatlar rahbarlari, shuningdek, BMT va uning ixtisoslashgan idoralari, Parlamentlararo Ittifoq, SHHT, MDH va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan tan olinib, jiddiy qoʻllab-quvvatlandi”.

    Muloqotning ish rejasida mintaqamizda atrof-muhit bilan bogʻliq muammolarni oʻrganish va genderga oid jihatlarni hisobga olgan holda ularni hal etish boʻyicha aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqish tashabbusi bildirildi. Shuningdek, gender kun tartibini koʻp tomonlama formatda ekologik xatarlarni bartaraf etish maqsadida yanada keng ilgari surish, bunda xalqaro moliya institutlari investitsiyalarini jalb etish taklif qilindi.

    Anjuman panel sessiyalarga boʻlingan holda oʻz ishini davom ettirdi. Ularda “Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishi va tabiiy ofatlarga moslashish sharoitida gender tengligiga erishish” va “BRMni amalga oshirishda Markaziy Osiyoning ekologik tashabbuslari” mavzulari yuzasidan muhokamalar tashkil etildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.