Tadbirda Tojikiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari Davlatali Said, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, ikki mamlakat vazirlik, idora, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, savdo-sanoat palatalari, chegaradosh viloyatlari rahbarlari, shuningdek, Oʻzbekiston va Tojikistonning turli hududlaridan kelgan 300 ga yaqin tadbirkorlar ishtirok etdi.

Forumni ochar ekan ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari iqtisodiy sheriklikni kengaytirish, yuqori texnologiyali qoʻshma korxonalarni tashkil etish, ommabop mahsulotlar ishlab chiqarish va istiqbolli bozorlarga kirib borish boʻyicha kooperatsiya aloqalarini yoʻlga qoʻyishning salmoqli salohiyatini qayd etib, Oʻzbekiston va Tojikiston ishbilarmon doiralari vakillarini faol va muvaffaqiyatli hamkorlikka chaqirdi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy munosabatlarni mustahkamlash yoʻnalishlari haqida soʻzlar ekan, ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari hududlararo aloqalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratdilar. Taʼkidlandiki, geografik jihatdan yaqinligi va logistikaning qulayligi investitsiya loyihalarini amalga oshirish va oʻzaro savdoni rivojlantirish uchun misli koʻrilmagan qulay shart-sharoitlar yaratadi. Shu munosabat bilan, yangi loyihalarni ishlab chiqish va qoʻshma biznes tashabbuslarini amalga oshirishda tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash borasida ikki mamlakat chegaradosh hududlari rahbarlarining birgalikdagi saʼy-harakatlari yana-da faollashtirilishi zarurligi taʼkidlandi.

Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida istiqbolli qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlash va ilgari surish maqsadida 50 mln dollarlik ustav kapitaliga ega Oʻzbekiston – Tojikiston investitsiya jamgʻarmasi tashkil etilgani tilga olindi.

Forum davomida ikki mamlakat hududlari va tegishli idoralar rahbarlari soʻzga chiqib, investitsiyaviy hamkorlikning imkoniyatlari, shuningdek, avtomobil sanoati, toʻqimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat va elektrotexnika sanoati, qishloq xoʻjaligi kabi sohalarda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalarini birgalikda roʻyobga chiqarish yuzasidan aniq takliflarning taqdimotini oʻtkazdi. Shuningdek, tadbir doirasida “B2G” va “B2B” shaklida ishtirokchilarning manzilli uchrashuvlari va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha hujjatlarni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

Forum yakunlari boʻyicha Tojikiston Respublikasi Hukumati huzuridagi Eksport agentligi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida bitim, avtomobil, transformator, maishiy texnika ishlab chiqarish, intensiv bogʻlar, issiqxona komplekslari, qishloq xoʻjaligi va meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash boʻyicha qoʻshma korxonalarni tashkil etish boʻyicha bitimlar, shuningdek, bir qator savdo shartnomalari imzolandi. Imzolangan hujjatlarning umumiy summasi 730 mln dollarni tashkil etdi.