Dushanbeda Counter Strike va GTA kompyuter o'yinlari taqiqlandi

    Tojikiston Ichki ishlar vazirligining Dushanbe bo'yicha boshqarmasi kompyuter va o'yin markazlari egalarini shaharda “axloqsiz va zo'ravonlik”ni targ'ib qiluvchi o'yinlarni tarqatish taqiqlangani haqida ogohlantirdi.

    Xususan, gap Counter Strike va Grand Theft Auto (GTA) haqida ketmoqda, deb xabar beradi poytaxt IIV o'zining Telegram-kanalida.

    Boshqarmaning aniqlik kiritishicha, Counter Strike va GTA Tojikiston Madaniyat vazirligining tarixiy-madaniy ekspertiza xulosasi asosida qora ro'yxatga kiritilgan. Mutaxassislarning fikricha, bu kompyuter o'yinlarida zo'ravonlik, qotillik va talonchilik unsurlari mavjud.

    “Huquq-tartibot idoralari tahlillari ham shuni ko'rsatmoqdaki, afsuski, ayrim yoshlar va o'smirlar bunday o'yinlarga berilib, ularning salbiy ta'siriga tushib qolyapti, turli jinoyatlarga qo'l urmoqda”, deyiladi Ichki ishlar vazirligi Dushanbe bo'yicha boshqarmasi bayonotida.

    Shu munosabat bilan xavfsizlik kuchlari kompyuter klublari egalarini tashrif buyuruvchilarga axloqsiz videolarni tomosha qilishni va taqiqlangan o'yinlarni o'ynashni taqiqlashga chaqiradi. Shuningdek, poytaxt aholisi o'z farzandlarini zo'ravonlikni targ'ib qiluvchi o'yinlarda vaqt o'tkazmasliklari uchun ularni nazorat qilishlari talab etiladi.

    Dushanbe militsiyasi tegishli qonunbuzarliklarni aniqlash uchun reyd va tekshiruvlar o'tkazishga va'da berdi. Biroq, Ichki ishlar vazirligi xodimlarining talablariga rioya qilmagan tadbirkorlarni qanday jazo kutayotgani aytilmagan, deb xabar beradi mediazona.ca.