Konferensiyaning yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi, general-leytenant Abdusalom Azizov tabrik soʻzi bilan soʻzga chiqib, SHHT va MDH makonida kechayotgan murakkab va qarama-qarshi harbiy-siyosiy jarayonlar mamlakatlarimizdan xalqaro terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashda saʼy-harakatlarimiz va muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni birlashtirishni talab etadi, deb taʼkidladi.
– Bu holat SHHTga aʼzo davlatlar xavfsizligiga bevosita tahdid soladi. Vaziyat xalqaro terrorchilik tashkilotlari boshliqlarining davlatlarimizga qarshi oʻzlarining buzgʻunchi rejalaridan voz kechmaganliklari bilan yanada murakkablashmoqda.
Afgʻoniston hukumati oʻz imkoniyatlari va resurslaridan kelib chiqib, xalqaro terrorizmga qarshi kurashmoqda, afgʻon maxsus xizmati IDXVga qarshi kurashda yetakchilik qilib, muayyan natijalarga erishmoqda. Shu bois, dushmanga qarshi birgalikda kurashishimiz kerak.
“Xuroson viloyati”ga qarshi kurashda Afgʻonistonga yordam koʻrsatish muhim, chunki qarshi choralarni zaiflashtirish bu guruhning kuchayishiga sabab boʻladi, bu esa oʻz navbatida, mintaqa xavfsizligiga xavf soladi.
Ishonchim komilki, oʻzaro ishonch, xalqaro terrorizm, ekstremizm va kibertahdidlarga qarshi kurashish sohasida muntazam axborot va tajriba almashishga asoslangan izchil va muvofiqlashgan faoliyatda birga harakat qilish yordamidagina davlatlarimizda barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlashda samarali natijalarga erishish mumkin.
Shu bois, bugungi kunda xalqaro anjumanni oʻtkazish dolzarb boʻlib, uning doirasida ishtirokchilar chaqiriqlar va xavfsizlik tahdidlarining bugungi holatini muhokama qilish, samarali qarshi kurash choralarini ishlab chiqish, xalqaro va mintaqaviy darajada aksilterror hamkorligini mustahkamlash imkoniga ega boʻladilar, - dedi A.Azizov.