Bugun aholiga sifatli va tezkor davlat xizmatlarini koʻrsatish birgina markazlarga emas, balki davlat xizmatlarini koʻrsatuvchi barcha darajadagi vakolatli organlarga ham bogʻliq. Boshqarma tomonidan muntazam tarzda davlat xizmatlari koʻrsatuvchi vakolatli organlar faoliyatini oʻrganish va monitoring qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan. Oʻrganishlar jarayonida yoʻl qoʻyilayotgan qonunbuzilish holatlarining sabablari tahlil qilinib, zarur hollarda qonunchilikka oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha takliflar tayyorlanmoqda. Agar qonunbuzilish holati xodimlar aybi bilan sodir etilgan boʻlsa, tegishli choralar koʻrish boʻyicha yuqori tashkilotlarga taqdimnomalar kiritilib kelinmoqda.
Jumladan, joriy yilning dastlabki yarim yilligida oʻtkazilgan oʻrganishlarda jami 8 ming 680 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Shundan, vakolatli organlar tomonidan 2 ming 889 ta holatda muddat buzilganligi oshkor boʻldi. 766 ta holatda toʻgʻridan toʻgʻri xizmat koʻrsatilgan, 277 ta holatda ortiqcha hujjat talab qilingan, 8 ta holatda esa vakolatli organning qonuniy talabi bajarilmagan, 146 ta holatda murojaatlar asossiz rad qilingan. Shuningdek, yana 4 ming 594 ta boshqa holatlardagi qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Qonunbuzilish holatlarni bartaraf qilish yuzasidan jami 8 ta taqdimnoma va 137 ta ogohlantirish xati kiritilgan hamda 99 nafar shaxsning maʼmuriy javobgarlik masalasi hal qilingan.
Qoʻllanilgan taʼsir choralari orqali xizmatlar sifatini yuqori darajaga koʻtarishga hamda aholi va manfaatdor tashkilotlarning eʼtirozlarini ijobiy hal etilishiga erishish maqsadlari qoʻyilgan boʻlib, boshqarma tomonidan bu sohada doimiy nazorat davom ettirib kelinmoqda.
Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan nazorat tadbirlari, reja asosida joyiga chiqqan holda, elektron axborot tizimi orqali monitoring oʻtkazish hamda jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarni oʻrganish orqali amalga oshirilib kelinadi.
Bugungi kunda markazlar tomonidan aholiga sifatli, tezkor, qulay va shaffof davlat xizmatlari koʻrsatilayotgan bir vaqtda baʼzi bir mutasaddi davlat tashkilotlarining xizmat koʻrsatish tizimida bunday qonun buzilish holatlari sodir etilishi oʻsha tashkilotga, ayniqsa, markazlarga nisbatan aholining norozilik kayfiyati uygʻonishiga sabab boʻlmoqda. Har bir davlat tashkiloti oʻz ishiga professional darajada yondashsa, aholi murojaatlari bilan ishlash tizimida tezkorlik va shaffoflikni joriy etsa, albatta, bu tashkilot xalq eʼtirofiga sazovor boʻladi. Bu esa fuqarolarning bugunidan rozi, ertangi kuniga nisbatan ishonch bilan yashashlarida muhim oʻrinni egallaydi.
Hafiz Boboqulov,
Davlat xizmatlari agentligi Buxoro viloyat
boshqarmasi boʻlim boshligʻi