DXM filiallari – ezgulik manzillari

    Mamlakatimizda 22 Noyabr 2021 1464

    Davlat xizmatlari markazlari. Bu tizim xalqqa koʻrsatayotgan shaffof va qulay xizmati bilan yaqin.

    Davlat xizmatlari agentligi yanada aholi orasiga kirib, fuqarolar dardu tashvishlari bilan birga boʻlish niyatida olis choʻl va togʻli hududlarda filiallar tashkil etishga kirishdi. Bugun ularning soni mamlakat boʻyicha 92 taga yetdi. Xizmat mohiyatining oʻzi aholini bir hujjatni deb ovora qilmaslik, fuqarolarga qulaylik yaratishdan iborat. Filiallar hudud odamlarining taklifiga mos kun va vaqtda ishlayotgani bois ham xalqqa manzur. Boisi, markazga tushish uchun uzoq yoʻl bosilmaydi, mablagʻ yoʻqotilmaydi, vaqt sarflanmaydi.

    Mamlakatimizda shunday hududlar borki, ular viloyat, hatto tuman markazlaridan ancha olisda. Bu manzillarga borish uchun hududlardan avtomashinada yurib bir kunni kech qilasiz.

    2018-yilda Fargʻona viloyatida butunlay yangi tashabbus ilgari surildi. Yaʼni Respublikada birinchilardan boʻlib Fargʻona tuman davlat xizmatlari markazining qatnov qiyin va anklav boʻlgan hududlari — Chimyon, Yordon va Shohimardon MFY da DXM ning filiallari tashkil etildi. Bu tashabbus tez fursatlarda respublika miqyosida amaliyotga joriy etildi. Bugungi kunga kelib Fargʻonada DXM filiallari soni 11 taga yetdi. Ayni damda Beshariq tumanida “Rapqon”, Uchkoʻprik tumanida “Oq suv”, Buvayda tumanida “Buvayda”, Fargʻona tumanida “Logʻon”, Quva tumanida “Akbarabod”, Furqat tumanida “Chekchuvaldoq”, Quvasoy shahrida “Qoʻchqorchi”, Fargʻona shahrida “Qirguli” filiallari faoliyat olib boryapti. Birgina filiallar tomonidan joriy yilning 11 oyi davomida fuqarolarga 40 mingdan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatildi.

    214 mingdan ortiq aholi istiqomat qilayotgan Fargʻona tumani — qoʻshni Qirgʻiziston Respublikasiga yondosh hudud. Tuman tarkibidagi Shohimardon va Yordon MFY lari joylashgan hududni esa quruqlikdagi orol deyish mumkin. Sababi, Shohimardonning toʻrt tarafi ham qirgʻiz qardoshlarimiz chegara hududi bilan tutashib ketgan. Baland togʻ yon bagʻirlarida joylashgan bu tumanda fuqarolar va tadbirkorlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida “Shohimardon”, “Chimyon” filiallari tashkil etilgan. Eʼtiborli jihati shundaki, qishning ayozli, yozning jazirama kunlarida yuzlab chaqirim masofadan keladigan, ayniqsa Qirgʻizistonning 50 kilometrdan xududini bosib oʻtib fuqarolar uchun ayni muddao boʻldi. Tuman markazidan 46 kilometr uzoqlikda joylashgan Chimyon hududida Mindon, Honqiz, Gulshan, Qoʻrgʻontepa kabi 9 ta qishloqlarda 100 minga yaqin aholi istiqomat qiladi. Davlat xizmatlari markazining Soyboʻyi MFY da joylashgan “Chimyon” filiali esa ana shu aholining uzogʻini yaqin qilmoqda. Shu kunga qadar “Chimyon” hamda “Shohimardon” filiallari orqali aholiga 3 mingdan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatilgan.

    Davlat xizmatlari markazlarining filiallari nafaqat togʻoldi hududlar balki, shahar ichida markazdan olis deb topilgan massivlarda ham tashkil etilyapti. Fargʻona shahrining Qirguli mavzesini oʻziga xos sanoatlashgan hudud deyish mumkin. Bu yerda asosan yirik zavod va fabrikalarining ishchi xodimlari istiqomat qiladi. Ularning har bir boʻsh vaqti korxonalarning ish faoliyati bilan chambarchas bogʻliq.

    Ana shunday vaziyatlarni hisobga olgan holda Qirgulidagi “Neftchi” madaniyat saroyida Fargʻona shahar Davlat xizmatlari markazining filiali tashkil etildi.

    – Tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanaman. Kundalik yumushlar tufayli yashash joyimdan 11 kilometr uzoqlikdagi Davlat xizmatlari markaziga kelib ketar edim, — deydi Qirguli mavzesida istiqomat qiluvchi Sharifjon Kamolov. — Neftchi madaniyat saroyida DXM filialining tashkil etilishi ayni muddao boʻldi. Bu yerda mahalla kutubxonasi, MFY maʼmuriy binosi, 2-sektor shtabi, madaniyat saroyi majmua sifatida joylashgan. Tashkil etilgan filial 70 ming aholi joylashgan Qirguli mavzesidagi fuqarolarning uzogʻini yaqin qilyapti.

    Tashkil etilgan DXM filiali jismoniy va yuridik shaxslarga mobil davlat xizmatlarini koʻrsatishi bilan ahamiyatli. Hudud aholisiga koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari boʻyicha huquqiy maslahatlar,yoʻl-yoʻriqlar berilyapti. Bu yerda DXM da koʻrsatiladigan barcha 150 dan ortiq xizmatlarning barchasidan foydalanish imkoniyati mavjud.

    Aytish mumkinki, bugun davlat bilan xalq oʻrtasidagi muloqot yangi bosqichga koʻtarildi. Xalqning ogʻirini yengil, uzogʻini yaqin qilish, qulaylik yaratish va shaffoflikni taʼminlashga qaratilgan davlat xizmatlarini koʻrsatishning yangicha tizimi hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Aynan qulaylik va uzoqni yaqin qilishda esa joylarda tashkil etilgan filiallarning ish faoliyati ayni muddao boʻlishi shubhasiz.

    Soxibjon Qodirov,

    DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi

    boshligʻi oʻrinbosari.