Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish yoʻnalishida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida joylarda qator qonunbuzilishi holatlari aniqlandi.
Surxondaryo viloyatida Bandixon tumanida yashovchi 1987-yilda tugʻilgan shaxs chorvachilik faoliyati bilan shugʻullanishni xohlagan fuqaroning ishonchiga kirib, tuman hokimligi zaxirasidagi 3,5 gektar yerni yuqori lavozimdagi tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga 1 mlrd 500 mln soʻm pora talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda u 110 ming AQSH dollari va 100 mln soʻmni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida esa Qoʻngʻirot tumanida qishloq xoʻjaligi bilan shugʻullanuvchi tadbirkor Amudaryo tumanida yashovchi 1983-yilda tugʻilgan shaxsning ishonchiga kirib, goʻyoki oʻziga tegishli deb koʻrsatilgan 169 gektar yer maydonining 50 gektar qismini 50 ming AQSH dollariga sotmoqchi boʻlgan.
Ammo u soʻralgan pulni olgan paytda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda har ikki holat boʻyicha mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, tergov harakatlari olib borilmoqda.








