DXX: 2024-yilda 6 nafar xorijdan kelgan Internet-narkoguruh aʼzolari qoʻlga olindi

    Xorijda yollangan kuryerlarni Oʻzbekistonga yuborish va ularni narkojinoyatga jalb qilish holatlari kuzatilmoqda.

    Toshkent shahridagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida tadbir boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda taʼkidlanishicha, bugungi kunda sintetik giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi va isteʼmoli ortib bormoqda. Ular asosan Mefedron, Alfa-PVP, MDMA sintetik narkotiklari boʻlib, Rossiya Federatsiyasi va Qozogʻistondan respublikamizga kirib kelmoqda.

    Respublikamizda 2024-2025-yillarda jami 8 ta narkolaboratoriya aniqlanib, tashkilotchilariga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatildi va tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

    Internet narkoguruh tashkilotchilari xorijda yollangan kuryerlarni Oʻzbekistonga yuborish va ularni narkojinoyatga jalb qilish holatlari kuzatilmoqda. DXX tomonidan oʻtkazilgan faol tadbirlar natijasida 2024-yilda 6 nafar xorijdan kelgan Internet-narkoguruh aʼzolari qoʻlga olindi.

    Bugungi kunda “Pregabalin” kuchli taʼsir qiluvchi moddalarini Qirgʻiziston va Qozogʻiston orqali Oʻzbekistonga kontrabanda qilish va sex sharoitida kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini tayyorlab, “xufiyona joy”larga qoʻyish orqali tarqatish holatlari kuzatilmoqda.

    Afgʻoniston, Tojikiston va Eronda yashovchi narkoishbilarmonlar yirik miqdordagi giyohvand moddalarni Oʻzbekiston hududi orqali xalqaro oʻtkazish punktlaridan turli xildagi mahsulotlar orasiga yashirgan xolda Rossiya va Qozogʻistonga yetkazishga urinish holatlari ham ortib bormoqda. Bu borada 141 kgdan ortiq narkotiklar musodara qilindi.