Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida Fargʻona shahridagi advokatlik firmalarida ishlovchi 2 nafar advokat oʻzaro til biriktirib, 2023-yilda sud hukmi bilan 6-yil 8 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan va hozirda jazo muddatini oʻtayotgan mahkumga nisbatan boʻlgan jinoyat ishini viloyat sudi tomonidan taftish tartibida koʻrish davomida, unga nisbatan tayinlangan jazoni sud organlaridagi tanishlari orqali ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa jazoga oʻzgartirib berish evaziga 50 ming AQSh dollari olayotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Toshkent shahridagi advokatlik firmasining muqaddam bir necha marotaba sudlangan advokati Ichki ishlar vazirligining Tergov departamenti tomonidan tergov harakatlari olib borilayotgan, toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan masʼuliyati cheklangan jamiyatning mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 3-qismi "a" bandi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida aniqlangan 12 mlrd. soʻm miqdoridagi zararning 6 mlrd. soʻmini prokuratura va ichki ishlar organlaridagi tanishlari yordamida jabrlanuvchi foydasiga undirib berish evaziga 100 ming AQSh dollari talab qiladi. Ammo, u soʻralgan pul mablagʻidan 50 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, advokatning mazkur noqonuniy ishga aloqador boʻlgan hamkasbi va muqaddam prokuratura organlarida ishlagan tanishi ham 50 ming AQSh dollaridan 30 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtlarida ushlandi.
Samarqand shahridagi advokatlik firmasining muqaddam sudlangan advokati Oqdaryo tumanida yashovchi fuqaroning turmush oʻrtogʻi bilan qonuniy nikohini bekor qilishda sud tizimidagi tanishlari orqali yordam berish evaziga 5 ming AQSh dollari olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.