DXX Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotayotganlarni qoʻlga oldi

    Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Andijon viloyatining Baliqchi tumanidagi chorvachilikka ixtisoslashgan masʼuliyati cheklangan jamiyat rahbari ushbu MCHJga chorva mollari uchun ozuqa ekini yetishtirish maqsadida, uzoq muddatga ijara asosida berilgan 2,5 gektar yer maydonini hamda uning ukasi oʻzi rahbarlik qilayotgan paxta va gʻalla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xoʻjalikning 17,5 gektar yer maydonini, jami 20 gektar yer maydonini oʻzaro til biriktirib, noqonuniy ravishda xaridorga 225 ming AQSH dollariga sotgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ushlandi.

    Andijon shahrida kuzatilgan holatda 1990 va 1993-yillarda tugʻilgan aka-uka “Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri” davlat korxonasining Andijon shahar filiali sobiq xodimi hamda rieltorlik xizmati koʻrsatuvchi MCHJ rahbari bilan oʻzaro til biriktirib, oʻzganing ishonchiga kirishadi va shahar hokimligi zaxirasidagi 33 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 52 ming AQSH dollari talab qilishadi. Ammo, ular soʻralgan pul mablagʻini MCHJ rahbarining xonasida olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan IJQKD hamda IIB bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Qamashi tumanida yashovchi, 1978-y.t. shaxs oʻzini goʻyoki tuman kadastr boʻlimi xodimi deya tanishtirib, Koʻkdala tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning ishonchiga kiradi va boshqa bir fuqaroga tegishli boʻlgan 40 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 12 ming AQSH dollari va 98 mln. 800 ming soʻm olgan vaqtida ushlandi.

    Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.