DXX: Bekobodda kredit mablagʻlarini talon-toroj qilish holati aniqlandi

    DXX tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Toshkent viloyatining Bekobod tumanidagi aksiyadorlik tijorat banki tomonidan chorvachilik yoʻnalishida ajratilgan kredit mablagʻlarini talon-taroj qilgan shaxslar ushlandi.

    Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

    Oʻtkazilgan tezkor tadbirda Bekobod tumanidagi sut va sut mahsulotlari yetishtirish hamda naslli chorva mollarni koʻpaytirish bilan shugʻullanuvchi "BF" MChJga Avstriya davlatidan 65 bosh naslli, yirik shoxli chorva mollari olib kelish maqsadida 2020-yilda bank tomonidan 7-yil muddatga 2-yil imtiyozli davr bilan yillik 19% ustama toʻlash, shundan 3 foizini Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan qoplab berish sharti bilan 1 mlrd. 680 mln. soʻm kredit mablagʻlari ajratilgan.

    Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2020-yildagi "Chorvachilik tarmogʻiga davlat tomonidan subsidiya ajratishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida"gi 280-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan, xorijdan keltirilgan chorva mollari uchun 116 mln. soʻmlik subsidiya mablagʻi ham ajratilgan.

    Ammo, MCHJ tomonidan bankka taqdim qilingan biznes rejada koʻrsatilgan sut mahsulotlari yetishtirish va naslli mollarni koʻpaytirish, ularni 2 avlod olgungacha saqlash bilan bogʻliq ishlar amalga oshirilmasdan, aksincha, 44 bosh naslli, yirik shoxli chorva mollari naqd pulga sotib yuborilgan. Buning natijasida 1 mlrd. 82 mln. soʻmlik kredit mablagʻlari talon-toroj qilingan.

    Ajratilgan kredit mablagʻlarining maqsadli sarflanishi yuzasidan bank tomonidan kerakli darajada monitoring ishlari olib borilmagan.

    Hozirda holat yuzasidan MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 3-qismi "a" bandi hamda 19211-moddasi 2-qismi "a" bandi bilan, bank mansabdorlariga nisbatan esa Jinoyat Kodeksining 207-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.