Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda poytaxtimizning Chilonzor tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, 1966 va 1968-yillarda tugʻilgan aka-uka oʻzaro til biriktirib, yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali 2 nafar fuqaroning Saudiya Arabistoniga “Haj” safariga borishlari uchun talab etiladigan viza hujjatlarini tayyorlab berish va ularni ziyoratga yuborish evaziga 12 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu noqonuniy ishga Toshkent shahridagi sayyohlik firmasining muqaddam firibgarlik jinoyatlari uchun 2 marotaba sudlangan ijrochi direktori aloqador ekanligi maʼlum boʻldi.
Andijon viloyatining Izboskan tumanidagi sayyohlik firmasi xodimi mazkur tumanda istiqomat qiluvchi fuqaroni aldov yoʻli bilan ishonchiga kirib, uni va onasini joriy haj mavsumida muborak safarga yuborish evaziga 15 ming AQSH dollari talab qiladi. Ammo, u soʻralgan pul mablagʻidan 7 ming AQSH dollarini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ushlandi.
Shuningdek, u mazkur noqonuniy ishni sayyohlik firmasi rahbari bilan kelishgan holda amalga oshirganligi aniqlandi.
Fargʻona viloyatining Bagʻdod tumanida yashovchi, 1990-y.t. shaxs ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolarni 8700 AQSH dollari evaziga “Haj” ziyoratiga joʻnatishini aytib, Buvayda tumanida istiqomat qiluvchi, 1981-y.t. fuqaro va uning 1959-y.t. onasini hoji maqomini olishlari uchun Saudiya Arabistoniga yuborish evaziga 17.400 AQSH dollari talab qiladi.
Lekin, u soʻralgan pul mablagʻidan 10 ming AQSH dollarini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlandi.
Margʻilon shahrida faoliyat yurituvchi sayyohlik firmasi rahbari esa Qoʻshtepa tumanida yashovchi fuqaroni haj amallarini bajarishi uchun Saudiya Podshohligiga yuborish evaziga 14 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.