DXX hamda IIV xodimlari inson organlari savdosi bilan shugʻullangan jinoiy guruhni fosh etdi

    Ular ijtimoiy tarmoqlar orqali bemorlarni topib, moʻmay pul orttirishni istovchilarni oʻz organini sotishga qiziqtirgan.

    Oʻzbekistonda inson organlari savdosi bilan shugʻullanib kelgan jinoiy guruh aniqlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar qildi.

    Qayd etilishicha, Toshkent shahri va Toshkent, Fargʻona, Buxoro hamda Qashqadaryo viloyatlarida yashovchi 12 nafar shaxs ijtimoiy tarmoqlar orqali buyrak va jigar kasalliklaridan aziyat chekayotgan bemorlarni topib, sogʻlom fuqarolarni moʻmay pul evaziga oʻz organini sotishga qiziqtirgan.

    Ular chet eldagi tanishlari yordamida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni qalbakilashtirish orqali bemor va donorni goʻyoki qarindosh sifatida koʻrsatib, qoʻshni davlatlarning biridagi xususiy klinikada jarrohlik amaliyotlarini bajargan.

    Uyushgan jinoiy guruhning 2023-2025-yillardagi faoliyati davomida 32 nafar bemorga buyrak yoki jigar toʻqimalari koʻchirib oʻtkazilgan.

    Bemorlardan olingan pullarning maʼlum bir qismi operatsiya uchun xususiy klinikaga hamda donorlarga berilgan, qolgani esa oʻzaro taqsimlangan.

    Bundan tashqari, jarrohlik amaliyotidan keyin sogʻligʻida ijobiy oʻzgarish boʻlmagan bemorlarga ogʻriqni qoldirish uchun kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari qimmat narxlarda sotilgan.

    Uyushgan jinoiy guruh aʼzolariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilgan. Hozirda jinoyat ishi mazmunan koʻrib chiqish uchun sud organlariga yuborildi.