Bu borada Xizmatning Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari ham boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan birgalikda bir nechta tezkor tadbirlar oʻtkazishdi.
Xususan, Milliy Gvardiyaning Samarqand viloyat qoʻriqlash boshqarmasi nazoratchisi muqaddam 2 marotaba sudlangan shaxs bilan oʻzaro til biriktirib, Samarqand tumanidagi oʻzganing nomida boʻlgan fermer xoʻjalikning 6 gektar yer maydonini 157 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, oldindan 100 ming dollar olgan vaqtlarida ushlandi.
Shuningdek, Oqdaryo tumanidagi fermer xoʻjalik rahbari mazkur xoʻjalik balansidagi 4,8 gektar yer maydonini 45 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, oldindan 25 ming dollar olgan vaqtida, Urgut tumanidagi fermer xoʻjalik boshqaruvchisi esa 1 gektar yerni xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 20 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Buxoro viloyati Shofirkon tumanida yashovchi, yakka tartibdagi tadbirkor oʻzining oʻgʻli nomida boʻlgan fermer xoʻjalikning 7,4 gektar yer maydonini hokimiyat idoralaridagi mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni vaʼda qilib, evaziga 84 ming AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan ushlandi.
Toshkent shahrida kuzatilgan holatda esa Bektemir tumanidagi bogʻdorchilik-uzumchilik shirkati aʼzosi boʻlgan fuqaro ushbu shirkat hududidagi 4 sotix yer maydonini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 17.600 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Toshkent viloyatining Oqqoʻrgʻon tumanidagi dehqon xoʻjaligi rahbari mazkur xoʻjalik balansida boʻlgan 40 sotix sugʻoriladigan yer maydonini kadastr tizimidagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 30 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 10 ming dollar olgan vaqtida DXX va IJQK departamentining viloyat boshqarmalari xodimlari tomonidan ushlandi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.