DXX: Hududlarda giyohvandlik hamda kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyildi

    Hududlarda Davlat xavfsizligi tomonidan noqonuniy giyohvandlik moddasi va kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining aylanmasini aniqlash boʻyicha tezkor tadbir oʻtkazildi.

    Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

    Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda Oqoltin tumanidagi “Sardoba” YPX maskanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, “Toshkent-Jizzax” yoʻnalishida harakatlanayotgan Jizzax viloyatining Baxmal tumanida yashovchi, 1997-y.t., muqaddam sudlangan shaxs boshqaruvidagi “Kobalt” rusumli avtomashina toʻxtatilib, koʻzdan kechirildi.

    Natijada, avtomashina yukxonasiga 3080 dona “Regapen” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari yashirib qoʻyilganligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Shuningdek, mazkur shaxsning jinoiy sherigi boʻlgan – Baxmal tumanida yashovchi, 2001-y.t. fuqaro ham qoʻlga olindi.

    Taʼkidlash lozimki, ushbu dori vositalari Qirgʻiz Respublikasidan aylanma yoʻllar orqali olib kelingan.

    DXX xodimlari tomonidan bojxona organlari bilan hamkorlikda Fargʻona shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Fargʻona tumanida yashovchi, 1990-y.t., muqaddam sudlangan shaxs Qirgʻiz Respublikasidan keltirilgan 2799 dona “Regapen” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini 65 mln. soʻmga sotayotgan vaqtda ushlandi.

    Fargʻona viloyatida kuzatilgan yana bir holatda, Fargʻona tumanida yashovchi, 2000-y.t., muqaddam sudlangan shaxs “oʻzbek-qirgʻiz” davlat chegarasida belgilangan tartibni qoʻpol ravishda buzib, Qirgʻiz Respublikasidan 5600 dona “Regapen” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini olib oʻtgan vaqtida Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.

    Bu yoʻnalishda DXX Xorazm viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari ham bojxona idoralari bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazishdi.

    Unda “Toshkent-Xorazm” yoʻnalishida harakatlanayotgan yuk mashinasi Hazorasp tumanida toʻxtatilib koʻzdan kechirildi va uning yukxonasidagi maishiy konditsioner ichiga yashirib qoʻyilgan 1 kg. 814 gr. “opiy” moddasi tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.

    Ushbu ajal ogʻusi 1991-yilda Xazorasp tumanida tugʻilgan fuqaroga tegishli ekanligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi va u konditsionerni qabul qilib olgan vaqtida ushlandi. Shuningdek, uning yashash xonadonidan ham 158 gr. “opiy” va 1 kg. 988 gr. “gashish” moddalari olindi.

    Bundan tashqari, mazkur shaxsni giyohvandlik vositalari bilan taʼminlab kelgan, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi, 1989 va 1991-yillarda tugʻilgan 2 nafar fuqaro ham ushlanib, ulardan birining yashash xonadonidan 424 gr. “opiy” moddasi olindi.

    Ushbu holatda narkotik moddalar Tojikiston Respublikasidan olib kelinganligi aniqlandi.

    DXX Andijon viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Qoʻrgʻontepa tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Andijon shahri tomon harakatlanayotgan “Neksiya” rusumli avtotransport vositasi toʻxtatilib xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi.

    Natijada unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan 2 nafar fuqaroga tegishli boʻlgan va Qirgʻiz Respublikasidan keltirilgan 4kg. 861 gr. “Pregabalin” nomli kuchli taʼsir qiluvchi modda borligi maʼlum boʻldi. Soʻngra tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni qabul qilib olgan vaqtida Andijon shahrida yashovchi, 2001-y.t. shaxs ushlandi.

    Shuningdek, uning tanishlari boʻlgan Shahrixon tumanida istiqomat qiluvchi, 1987 va 1992-yillarda tugʻilgan 2 nafar ayol ham protsessual tartibda ushlanib, ulardan 1 kg. 987 gr. “Pregabalin” moddasi hamda 1342 dona “Regapen” nomli kuchli taʼsir qiluvi dori vositalari olindi.

    Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.