DXX: joylarda OTMlarga oʻqishga kiritish bilan bogʻliq noqonuniy holatlar fosh etildi

    Hududlarda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda OTMlarga oʻqishga kiritish bilan bogʻliq noqonuniy holatlarni aniqlash boʻyicha tezkor tadbir oʻtkazildi.

    Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

    Oʻtkazilgan Toshkent shahrining Yashnobod tumanida yashovchi, 1986-yilda tug‘ilgan shaxs oʻzining mansabdor tanishlari orqali, Toshkent viloyatining Oʻrtachirchiq tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni IIV Akademiyasiga oʻqishga kiritib qoʻyish evaziga 22 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Qashqadaryo viloyatida kuzatilgan holatda, Qarshi innovatsion taʼlim universiteti mutaxassisi 3 nafar fuqaroni Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Qarshi filialiga mazkur oliy taʼlim muassasasidagi tanishlari orqali har birini 4 ming AQSH dollaridan, jami 12 ming AQSh dollari evaziga 2-kursdan oʻqishga kiritib qoʻyishni vaʼda qiladi. Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmalari xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, u 11700 AQSh dollari olayotgan vaqtda ushlandi.

    Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan prokuratura organlari bilan hamkorlikda Chinoz tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida yashovchi, 1987-yilda tug‘ilgan shaxs Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni Toshkent davlat pedagogika universitetiga oʻqishga kiritib qoʻyish evaziga 10 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Olmaliq shahar bolalar va oʻsmirlar sport maktabi murabbiyi oʻzining yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga oʻqishga kiritib qoʻyish evaziga Olmaliq shahrida yashovchi fuqarodan 3500 AQSh dollari olayotgan vaqtda ushlandi.

    Davlat xavfsizlik xizmatining Xorazm viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Urganch davlat universitetining fakultet dekani Gurlan tumanida yashovchi, 1990-yilda tug‘ilgan fuqaroning ishonchiga kirib, uning qarindoshini mazkur oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirishda boʻladigan ijodiy imtihonlardan oʻtkazib berish evaziga 2600 AQSh dollari va 2,5 mln. soʻm olayotgan vaqtda ushlandi.

    Boshqa holatda esa Urganch ixtisoslashtirilgan sanʼat maktabining boʻlim boshligʻi Bogʻot tumanida yashovchi fuqaroga tanishlari yordamida Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati institutiga oʻqishga kirishi uchun yoʻllanma olib berish va amaliy imtihonda koʻmaklashish evaziga 4 ming AQSh dollari talab qiladi.

    Ammo, u soʻralgan pul mablagʻini olayotgan vaqtda ushlandi.

    Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan.