DXX joylarda yer maydonlarining noqonuniy sotilishiga chek qoʻydi

    Favqulodda vaziyatlar bo'limi xodimi fermer xo'jalik rahbari bilan o'zaro til biriktirib, ushbu xo'jalikning 80 gektar er maydonini sotmoqchi bo'lgan.

    Davlat xavfsizlik xizmatining Navoiy viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Nurota tuman favqulodda vaziyatlar boʻlimi xodimi dehqonchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjalik rahbari bilan oʻzaro til biriktirib, ushbu xoʻjalikning 80 gektar yer maydonini xaridorga 1 mlrd. soʻmga sotishga kelishib, oldindan 700 mln. soʻm olgan vaqtlarida ushlandi.

    Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Andijon shahridagi qurilish firmasi rahbari shahar hokimligi zaxirasida boʻlgan 14 sotix yer maydonini goʻyoki oʻziga tegishli ekanligini aytib, tanishlari orqali uni xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 40 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

    Samarqand viloyatida kuzatilgan holatda esa Samarqand tumanida yashovchi, 1982-y.t. fuqaro tuman hokimining tegishli qarori bilan unga dehqon xoʻjaligi tashkil etishi uchun uzoq muddatga imtiyozli ravishda berilgan 35 sotix yer maydonini kadastr tizimidagi tanishlari yordamida xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 45 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 25 ming AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati, viloyat prokuraturasi hamda ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi.

    Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.