DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda markaz direktori xizmat xonasida soʻralgan pulni olgan vaqtida ushlandi.

Samarqand viloyatida kuzatilgan yana bir holatda esa Samarqand shahrida yashovchi fuqaro turmush oʻrtogʻi nomiga 2020-yilning iyul oyida elektron-onlayn auksion orqali Jomboy tumanidagi 2 gektar yer maydonini 2 yil muddatda 1 mlrd. soʻm miqdorida investitsiya kiritish sharti bilan bino va inshootlar qurish majburiyatini olgan holda sotib oladi.

U mazkur hududda qishloq xoʻjaligi maxsulotlarini qayta ishlash faoliyatini yoʻlga qoʻyishi lozim boʻlgan, lekin amalda hech qanday ish bajarilmagan.

Muqaddam ichki ishlar va soliq idoralarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan mazkur shaxs ushbu yer maydonini sotishga vakolati boʻlmasada, uning 40 sotixini xokimiyatdagi tanishlari orqali kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib, xaridor nomiga oʻtkazib berish evaziga 19,5 ming AQSH dollari soʻraydi.

U oldindan 15 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Toshkent shahrida yashovchi, muqaddam firibgarlik bilan bogʻliq jinoyat sodir etganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxs aldov yoʻli bilan oʻzganing ishonchiga kirib, uning katta miqdordagi pul mablagʻini oʻzlashtirmoqchi boʻladi.

Firibgar shaxs unga Toshkent viloyatining Toshkent tumanidagi sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaligiga ajratilgan 1,41 gektar yer maydonining 50 sotix qismini mansabdor tanishlari orqali ajratib, tegishli hujjatlarini rasmiylashtirib berishni vaʼda qiladi va evaziga 37 ming AQSH dollari soʻraydi.

U soʻralgan puldan avans sifatida 15 ming AQSH dollari olgan vaqtida DXX Toshkent shahar boshqarmasi va shahar IIBB xodimlari tomonidan qoʻlga olindi.

Fargʻona viloyati Oʻzbekiston tumani yer resurslari va davlat kadastri boʻlimining sobiq mutaxassisi oʻzganing ishonchiga kirib, tumanning “Qoratepa dasht” qishlogʻida joylashgan 1 gektar yer maydonini xokimiyat tizimidagi tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 29 ming AQSH dollari soʻraydi.

DXX va Departamentning hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda u 22 ming AQSH dollari hamda 58,3 mln. soʻm pul mablagʻini olgan vaqtida ushlandi.

DXX Qashqadaryo viloyati boshqarmasi hamda iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Qarshi tumani hokimligining qishloq xoʻjaligi boʻlimi mutaxassisi, muqaddam firibgarlik bilan bogʻliq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan boʻlishiga qaramasdan, oʻzining boshqaruvida boʻlgan fermer xoʻjaligi balansidagi 9 gektar suvli yer maydonini 9,5 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida ushlandi.

Navoiy viloyatining Navbaxor tumanida istiqomat qiluvchi ikki fuqaro mahalliy tadbirkor ishonchiga kirib, unga mazkur tumanda faoliyat yurituvchi xususiy korxonaga baliqchilikni rivojlantirish uchun ajratilgan 2,6 gektar yerni hamda tuman hokimligi zaxirasida boʻlgan 4,78 gektar yerni tegishli hujjatlarini rasmiylashtirgan holda olib berish evaziga 135 mln. soʻm talab qilishadi.

DXX Navoiy viloyati boshqarmasi hamda departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda ular soʻralgan puldan 100 mln. soʻm hamda 3 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

DXX matbuot xizmati