DXX katta miqdordagi giyohvand moddalarni musodara qildi

    Xavfsizlik 24 Iyun 2021 805

    Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo va Samarqand viloyatlari boʻyicha boshqarmalari xodimlari tomonidan Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi vakillari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Surxondaryo - Samarqand” yoʻnalishida harakatlanayotgan “Kobalt” rusumli avtomashina Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi “Umakay” YPX maskanida toʻxtatildi.

    Avtomashina koʻzdan kechirilganda, unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida yashovchi, 1987-y.t. fuqaroning yonida 3 kg. 363 gr. “opiy” giyohvand moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

    Boshqa bir holatda esa DXX xodimlari tomonidan Toshkent viloyatining Toshkent tumanida joylashgan “Mineral suvlar” YPX maskanida Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi, 1996-y.t. shaxs boshqaruvidagi “Neksiya 3” rusumli avtomashina toʻxtatildi.

    Avtomashina xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, uning salon qismida 5 kg. “opiy” giyohvand moddasi borligi aniqlanib, protsessual tarzda rasmiylashtirib olindi.

    DXXning Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari boʻyicha boshqarmalari xodimlari tomonidan DBQ xodimlarini jalb etgan holda Oʻrtachirchiq tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Bekobod shahrida yashovchi shaxslar - 1991-y.t. fuqaro hamda muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan bogʻliq jinoyat sodir etganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan 1990-y.t. shaxs 492 gr. “gashish” moddasini 50 mln. soʻmga sotgan vaqtlarida qoʻlga olindi.

    Taʼkidlash lozimki, har uchchala holatda ham narkotik moddalar mamlakatimizga Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan olib oʻtilgan.

    Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    DXX matbuot xizmati