Qonun 8 ata bob va 40 ata moddadan iborat boʻlib, ularda Qonunning maqsadi, vazifalari, asosiy tushunchalar, kiberjinoyatchilikning oldini olish, unga qarshi kurashishning prinsiplari, yoʻnalishlari, usullari, masʼul davlat organi va uning vakolatlari, kiberxavfsizlik hodisalari boʻyicha choralar koʻrish hamda xalqaro hamkorlik masalalari nazarda tutilmoqda.

Jumladan, Qonunning maqsadi mamlakatimizda kiberxavfsizlik sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat boʻlib, uning asosiy vazifalari kibermakonda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilish hisoblanadi.

Qonunda kiberjinoyatchilik, kibertahdid, kiberxavfsizlik, kiberhimoya va kiberhujum kabi tushunchalar qoʻllanib, kiberxavfsizlikni taʼminlashning asosiy prinsiplari va bu sohadagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari belgilanyapti.

Shuningdek, Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kiberxavfsizlik sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilanib, uning huquqlari va majburiyatlari mustahkamlab qoʻyiladi.

Bundan tashqari, Qonun davlat organlari va tashkilotlarining kiberxavfsizlikni taʼminlash borasidagi huquq va majburiyatlarini nazarda tutadi.

Shu bilan birga, Qonun bilan kiberxavfsizlik subyektlarining huquq va majburiyatlari, ularning kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan majburiy tartibda yoki kiberxavfsizlik subyektlarining tashabbusiga koʻra amalga oshirilishi belgilab beriladi.

Qonunda kiberjinoyatchilik hodisalarini tekshirish, choralar koʻrish, sodir boʻlgan hodisalar toʻgʻrisidagi axborotni oshkor qilishga qaratilgan qator chora-tadbirlar mustahkamlab qoʻyilyapti.

Qonunning qabul qilinishi, birinchidan, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi;

ikkinchidan, kiberxavfsizlikni davlat tomonidan tartibga solish, huquqiy, tashkiliy, ilmiy-texnik va meʼyoriy uslubiy taʼminot tizimini takomillashtirishga, axborot tizimlari va resurslarining yaxlitligini taʼminlashga salmoqli hissa qoʻshadi;

uchinchidan, ruxsatsiz harakatlar, axborotni yoʻq qilish, oʻzgartirish, buzish, nusxalash, bloklash va mamlakatning axborot tizimlari va tarmoqlariga noqonuniy aralashishning boshqa shakllarining oldini olishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.