DXX “Koʻmir taʼminot” MCHJ Toshkent viloyat filiali boshligʻini qoʻlga oldi

    “Koʻmir taʼminot” MCHJ Toshkent viloyat filiali boshligʻi mazkur korxonaning hozirgi kunda vakant hisoblangan Sirdaryo viloyat filialiga rahbar sifatida ishga qabul qilinishida koʻmaklashish evaziga fuqarodan 50 ming dollar talab qiladi.

    Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Departamentning viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda mazkur rahbar soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtida qoʻlga olindi.

    Shuningdek, Toshkent shahrida yashovchi, muqaddam bir necha marotaba sudlangan, 1964 va 1982-yillarda tugʻilgan 2 nafar shaxs firibgarlik yoʻli bilan qurilish ishlari bilan shugʻullanuvchi tadbirkordan 20 ming AQSH dollarini olgan vaqtlarida ushlandi.

    Maʼlum boʻlishicha, ular Samarqand viloyatida joylashgan qishloq vrachlik punktlari va poliklinikalarni joriy taʼmirlash uchun Hukumat qarorlari asosida byudjet mablagʻlari ajratilishini aytib, oʻzlarining yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali 34 mlrd soʻmlik pudrat shartnomasini tadbirkorga tegishli MCHJga toʻgʻridan toʻgʻri olib berishni vaʼda qilishgan. Keyinchalik esa mazkur pudrat shartnomasi qiymatidan 8 foizini ulush sifatida berishini talab qilishgan.

    Hozirda ikkala holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.