Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahri boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona idoralari bilan hamkorlikda Namangan shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Qirgʻiz Respublikasining Jalolobod viloyati Olabuqa tumanida yashovchi, 1985-y.t. fuqarosi hamda Namangan viloyatining Yangiqoʻrgʻon tumanida istiqomat qiluvchi, 1980 va 1998-yillarda tugʻilgan 2 nafar shaxs oʻzaro kelishgan holda Qirgʻiz Respublikasidan mamlakatimizga aylanma yoʻllar orqali olib kirilgan 16800 dona “Regapen” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini 36 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtlarida qoʻlga olindi.

Toshkent shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa, Shayxontohur tumanida yashovchi, 1982-y.t. fuqaroning yoni va avtomashina xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda 15 dona “Regapen” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirildi.

Shuningdek, uning tanishi boʻlgan, 1978-y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan shaxsning Uchtepa tumanidagi yashash xonadoni koʻzdan kechirilganda, 2967 dona “Regapen” dori vositasi borligi maʼlum boʻlib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

DXX Toshkent shahri boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona idoralari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Fargʻona-Toshkent” yoʻnalishida harakatlanayotgan “Neksiya” rusumli avtomashina Sergeli tumani hududida toʻxtatilib, koʻzdan kechirilganda, unda Fargʻona shahrida yashovchi, 1989-y.t. fuqaroga tegishli 1400 dona “Regapen”, 30 dona “Tropikamid” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

DXX Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona idoralari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Namangan shahrida istiqomat qiluvchi, 1989-y.t., shaxsning “Lasetti” rusumli avtomashinasi xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, unda 6034 dona “Regapen” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur fuqaroning yashash xonadonidan ham 2800 dona “Regapen” dori vositalari olindi.

Taʼkidlash lozimki, barcha holatlarda musodara qilingan kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari Qirgʻiz Respublikasidan mamlakatimizga kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan.

Hozirda holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.