Dastlabki tergov harakatlari davomida maʼlum bulishicha, u mazkur tumandagi umumiy qiymati 1,7 mlrd. soʻm boʻlgan 4,2 gektar yer maydonini auksion savdolarisiz oʻzining yaqin qarindoshlariga rasmiylashtirib bergan.
Shuningdek, tumandagi banklar uning yaqin qarindoshlari nomlariga turli maqsadlarda 166 mlrd. soʻm miqdorida imtiyozli kredit mablagʻlari ajratgan boʻlib, ularning katta qismi muammoli kreditga aylangan.
Hozirda bank muassasalari tomonidan oʻz vaqtida toʻlovlari amalga oshirilmagan 121 mlrd. 406 mln. soʻmlik kredit mablagʻlarini undirish yuzasidan tegishli ishlar olib borilmoqda.
Bundan tashqari, “Surxondaryodonmahsulotlari” AJda olib borilayotgan taftish davomida aniqlanishicha, A.E. ishtirokida qiymati 35 mlrd. soʻmlik 9,6 ming tonna don talon-toroj qilingan.
Jinoyat ishi Jinoyat Kodeksining 167, 205 va 209-moddalari bilan DXX Surxondaryo viloyati boʻyicha Boshqarmasi tomonidan qoʻzgʻatildi.
Taʼkidlash lozimki, A.E. 2010 —2017-yillarda ushbu Jamiyat rahbari lavozimida faoliyat olib borgan. Hozirda jinoyat ishi boʻyicha Jamiyatning 20dan ortiq masʼul-mansabdor shaxslari tergov harakatlariga jalb qilingan va ular A.E.ning noqonuniy hatti-harakatlari yuzasidan koʻrsatmalar bermoqda. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.