Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida yashovchi, 1983-y.t., muqaddam Jinoyat Kodeksining 97- (Qasddan odam oʻldirish) va 182- (Bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish) moddalari bilan sudlangan “A.O.” Qirgʻiziston Respublikasining Jalolobod oblasti Ola-buqa rayoniga borib, jinoiy aloqasidan 1 dona AKS-74 jangovor oʻqotar quroli, 3 dona oʻqdon va 43 dona oʻq-dorilarni oladi hamda kontrabanda yoʻli bilan mamlakatimiz hududiga oʻtkazadi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda “A.O.” ushbu qurol va oʻq-dorilarni Namangan shahrida sotmoqchi boʻlganida ushlandi.

Hozirda mazkur shaxsga nisbatan DXXning Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi Tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat Kodeksining 246 va 248-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.