DXX narkosavdogarlarni qoʻlga oldi

    Xavfsizlik 26 Oktabr 2023 1250

    DXXning Xorazmda oʻtkazgan tezkor tadbirida xazorasplik fuqaroning “Kobalt” mashinasi salonida jami 6 boʻlakda 3 kg 982 gr “opiy” giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.

    Surishtiruv harakatlari davomida bu shaxs Tojikistondan keltirilgan “ogʻu”ni Surxondaryoning Sariosiyo tumanida yashovchi 2 nafar fuqarodan olgani maʼlum boʻlib, Xazorasp tumanidagi mehmonxonaning ular joylashgan xonasidan sotish uchun moʻljallangan 1 kg 952 “opiy” moddasi ham tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

    Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu giyohvandlik vositasini sotib olgan vaqtlarida yana 2 nafar xazorasplik narkosavdogarlar ushlandi.

    Buxoro viloyatida qayd etilgan holatda esa gʻijduvonlik 2 nafar fuqaro Buxoro shahrida 1 kg 224 gr “opiy” moddasini 50 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida ushlandi.

    Toshkent viloyatining Boʻka tumani hududida harakatlanayotgan “Neksiya” rusumli avtotransport vositasi tekshirildi. Unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan, Bagʻdod tumanida yashovchi fuqaro yonida 1 kg 913 gr “gashish” moddasi borligi aniqlandi.

    Taʼkidlash lozimki, ushbu ajal ogʻusi tojikistonlik narkokuryerlar tomonidan kontrabanda yoʻli bilan Toshkent viloyatiga olib kelinib, xufiya joyga qoldirib ketilgan.