DXX: Prokuratura va Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari bilan bogʻliq noqonuniy holatlar fosh etildi

    Hozirda katta inspektorga nisbatan prokuratura organlari tomonidan Jinoyat Kodeksining 211-moddasi 1-qismi (pora berish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, garov ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

    Sirdaryo viloyatida faoliyat yurituvchi, maxsus texnikalar bilan xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan MCHJ rahbari 2021-yilda koʻp funksiyali burgʻulash uskunasi olib kelish maqsadida Xitoy davlati kompaniyasining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi orqali shartnoma tuzadi hamda bankdan olgan 1 million 71 ming AQSH dollari miqdoridagi kredit mablagʻini ushbu kompaniyaning hisob raqamiga oʻtkazib beradi.

    Ammo, shartnoma talablariga zid ravishda Xitoydan koʻp funksiyali oʻrniga, bir funksiyali burgʻulash uskunasi yuboriladi. Natijada prokuratura organlari tomonidan xorijiy kompaniyaning mamlakatimizdagi vakillariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, Jizzax viloyati IIB tomonidan tergov harakatlari olib boriladi.

    Jinoyat ishi doirasida oʻtkazilgan ekspertizada mazkur uskuna koʻp funksiyali ekanligi toʻgʻrisida xulosa beriladi.

    Bundan norozi boʻlgan tadbirkorga esa Toshkent shahrida yashovchi, 1969-y.t. shaxs oʻzining mansabdor tanishlari orqali uskunaning bir funksiyali ekanligi toʻgʻrisida qayta ekspertiza tayinlatish boʻyicha tergovchining qarorini chiqartirib, ekspertiza xulosasini uning foydasiga ijobiy hal qilib berishni taklif etadi va evaziga 155 ming AQSH dollari soʻraydi.

    Ammo, u 105 ming AQSH dollarini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlandi.

    Tergovga qadar tekshiruv davomida, mazkur shaxs ushbu masalani Toshkent shahar prokuraturasining maʼmuriy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini taʼminlash boʻlimi katta prokurori hamda uning vositachisi boʻlgan, Toshkent shahridagi sugʻurta markazi rahbari orqali hal qilishi kerakligi maʼlum boʻlib, ular ham protsessual tartibda ushlandi.

    Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

    Surxondaryo viloyati prokuraturasining Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boʻlimi katta prokurori viloyatdagi fermer xoʻjaliklariga tegishli boʻlgan 280 gektar yer maydoniga tomchilatib sugʻorish texnologiyasini oʻrnatish boʻyicha mahalliy MCHJ rahbariga buyurtmachi fermer xoʻjaliklar topishda va ular bilan shartnomalar tuzishda hamda MCHJning xizmati uchun bankdan pul mablagʻlari ajratilishida yordam berganligini roʻkach qilib, 28 ming AQSH dollari talab qiladi.

    Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, katta prokuror oldindan 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Hozirda unga nisbatan viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

    Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining “Xalqlar doʻstligi” sanʼat saroyi yongʻinga qarshi profilaktikasi katta inspektori Yunusobod tumanida yangi qurilgan noturar binoga oʻrnatilgan yongʻin xavfsizlik tizimlarini qabul qilishda va binoning foydalanishga topshirilishi boʻyicha ijobiy xulosa berilishida vakolatli hamkasbi orqali koʻmaklashish evaziga 12 ming AQSH dollari talab qilib, avvalroq 3 ming AQSH dollari oladi.

    Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Favqulodda vaziyatlar vazirligining Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, u 2900 AQSH dollarini oʻzining hamkasbiga bergan vaqtida ushlandi.

    Hozirda katta inspektorga nisbatan prokuratura organlari tomonidan Jinoyat Kodeksining 211-moddasi 1-qismi (pora berish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, garov ehtiyot chorasi qoʻllanildi.