Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Andijon shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, qirgʻizistonlik narkokuryerlar kontrabanda yoʻli bilan yetkazib bergan 9 kg 57 gr. “gashish” moddasini qabul qilib olib, Fargʻona shahri tomon harakatlanmoqchi boʻlgan vaqtida Oltiariq tumanida yashovchi, 1971-y.t., muqaddam sudlangan ayol ushlandi.
DXX Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi, viloyat ichki ishlar va bojxona boshqarmalari xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa Koʻkdala tumanidagi “Umakay” YPX maskanida Toshkent shahri tomon harakatlanayotgan, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi, 1986-y.t. fuqaro boshqaruvidagi “Kobalt” rusumli avtotransport vositasi toʻxtatildi.
Avtomashina xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, uning yukxonasida 2 kg “opiy” va 550 gr. “gashish” moddalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, Tojikiston Respublikasidan keltirilgan ushbu ajal ogʻusini Toshkent shahrida qabul qilib olgan vaqtida Denov tumanida yashovchi, 1994-y.t. shaxs ham ushlandi. DXX Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, Uchqoʻrgʻon tumanida yashovchi, 1974-y.t. fuqaroga tegishli dala hovli xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi. Natijada, Qirgʻiz Respublikasidan aylanma yoʻllar orqali olib kelingan 1 kg 390 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Maʼlum boʻlishicha, ushbu fuqaro 12 ming AQSH dollariga sotib olingan narkotikni qayta sotib, moʻmay daromad topishni rejalashtirgan. DXX Toshkent shahar va Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmalari xodimlari tomonidan bojxona organlari bilan hamkorlikda Qoʻqon shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, 1986-y.t. mahalliy fuqaro 974 gr. “gashish” moddasini 10 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida ushlandi.
Tezkor surishtiruv harakatlari davomida, u ajal ogʻusini hamshahari, 1989-y.t. fuqarodan olganligi maʼlum boʻlib, u ham qoʻlga olindi. Taʼkidlash lozimki, ushbu narkotik modda Qirgʻiz Respublikasidan olib kelingan. Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Davlat xavfsizlik xizmatining joylardagi tergov boʻlimlari tomonidan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.