Qoraqalpogʻistonda IIB boshligʻi oʻrinbosari qoʻlga olindi

    Qoraqalpogʻistonda fuqaroga tegishli sirni fosh qilib, uni mansab vakolatidan foydalangan holda javobgar qilmoqchi boʻlgan Qoʻngʻirot tumani IIB boshligʻi oʻrinbosari (mayor) tovlamachilikda ayblanmoqda.

    U bu harakatlarni amalga oshirmaslik evaziga fuqarodan iPhone 15 Pro Max talab qilgan.

    DXX Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha boshqarmasiga murojaat qilgan fuqaro Qoʻngʻirot tuman IIB boshligʻi oʻrinbosarini javobgarlikka tortishni soʻragan.

    Murojaatchining bildirishicha, tuman IIB boshligʻi oʻrinbosari, jamoat xavfsizligi xizmati boshligʻi, mayor unvoniga ega mansabdor uning shaxsiy sirini bilishini, agar unga iPhone 15 Pro Max olib kelmasa, oʻsha sirni fosh qilib, oʻzini javobgar qilmoqchiligini aytgan.

    Bundan qoʻrqib ketgan fuqaro DXX Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha boshqarmasiga murojaat qilib, yordam soʻragan. DXX Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tadbirda Qoʻngʻirot tuman IIB boshligʻi oʻrinbosari fuqarodan talab qilingan iPhone 15 Pro Maxʻni olayotgan vaqtida jinoyat ustida qoʻlga olingan.

    Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.