DXX Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlarining viloyat prokuraturasi hamda ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazgan tezkor tadbirida ushbu shaxslar soʻralgan pulni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Pastdargʻom tumani Davlat soliq inspeksiyasi inspektori chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaligi rahbari bilan oʻzaro kelishgan holda, ushbu fermer xoʻjaligiga qarashli 15 gektar yer maydonini boshqa bir fuqaroga intensiv bogʻ tashkil etishi uchun tuman hokimligida ishlovchi tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga, undan 13 ming AQSH dollari talab qilishadi.

DXX Samarqand viloyati boshqarmasi, viloyat prokuraturasi hamda ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda ular soʻralgan pulni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Samarqand tumanida yashovchi 2 nafar fuqaro oʻzlari ijara asosida foydalanib kelayotgan, hokimiyat balansida boʻlgan togʻli hududdagi 3 gektar yaylov yer maydonini mahalliy fuqaroga 30 ming AQSH dollariga sotishni rejalashtirib, tuman hokimligidagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni vaʼda qilishadi.

DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda ushbu shaxslar soʻralgan puldan 12,5 ming AQSH dollarini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Payariq tumanidagi gʻalla va paxtachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaligi rahbari muqaddam sudlanib, ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq jazo muddatini oʻtaganligiga qaramasdan, xatosidan toʻgʻri xulosa chiqarmaydi.

U mahalliy tadbirkorning ishonchiga kirib, unga intensiv bogʻ tashkil etishi uchun tuman hokimligida rahbarlik lavozimlarida ishlovchi tanishlari orqali 30 gektar yer maydoni olib berishni vaʼda qiladi hamda evaziga 15 ming AQSH dollari soʻraydi.

DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda u soʻralgan puldan 7,5 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Payariq tumanida kuzatilgan yana bir holatda fermer xoʻjaligi rahbari mazkur xoʻjalikning sugʻoriladigan 1 gektar yer maydonini parrandachilik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan fuqaroga 15 ming AQSH dollariga sotishga kelishadi va hokimiyat tizimidagi tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berishni vaʼda qiladi.

Fermer xoʻjaligi rahbari soʻralgan puldan avans sifatida 4 ming AQSH dollari olgan vaqtida DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan qoʻlga olindi.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

DXX matbuot xizmati