DXX Surxondaryo va Fargʻona viloyatlarida giyohvandlik vositasi musodara qilindi

    Surxondaryo va Fargʻona viloyatlarida Tojikistondan olib kelingan jami 25,8 kg “gashish” giyohvandlik vositasi musodara qilindi.

    Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat IIB bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, tojikistonlik narkosavdogar aylanma yoʻllar orqali yuborgan 11 kg. 942 gr. “gashish” moddasini qabul qilib olib, Shoʻrchi tumanidagi toʻyxona yaqinida joylashgan simyogʻoch ostiga yashirib ketmoqchi boʻlgan vaqtlarida, oʻzaro qarindosh hisoblangan, 1999-y.t. 2 nafar mahalliy fuqaro qoʻlga olindi.

    Shuningdek, ular ajal ogʻusini belgilangan joyga qoldirib ketganlaridan soʻng, uni boshqa shaxs olib ketishi kerakligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi va giyohvandlik vositasini xufiya joydan olish uchun kelgan Uzun tumanida yashovchi, 1987-y.t. fuqaro ham ushlandi.

    (Taʼkidlash lozimki, biroz avvalroq Tojikiston Respublikasining Tursunzoda tumanida yashovchi, 1979-y.t. Tojikiston fuqarosi mamlakatimizga kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan 3 kg. 980 gr. “opiy” moddasini Shoʻrchi tumanida xaridorga 17500 AQSH dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganligi toʻgʻrisida xabar bergan edik.)

    Shu tariqa oʻzbek-tojik davlat chegarasining Shoʻrchi yoʻnalishidagi narkokanal faoliyatiga chek qoʻyildi.

    Davlat xavfsizlik xizmatining Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa “Qoʻqon-Fargʻona” yoʻnalishida harakatlanayotgan “Treker” rusumli avtotransport vositasi Bogʻdod tumanida toʻxtatilib, koʻzdan kechirilganda, unda Fargʻona shahrida yashovchi, 1974 va 1988-yillarda tugʻilgan 3 nafar shaxs 11 kg. 966 gr. “gashish” moddasini olib ketayotganliklari aniqlanib, protsesssual tartibda rasmiylashtirib olindi.

    Shuningdek, ularni boshqa avtomashinada kuzatib borayotgan va giyohvandlik vositasining haqiqiy egasi boʻlgan, Fargʻona shahrida yashovchi, 1990 va 1993-yillarda tugʻilgan er-xotin ham qoʻlga olindi.

    Taʼkidlash lozimki, mazkur er-xotin muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyatlari uchun sudlangan shaxslar hisoblanadi.

    Tergovga qadar tekshiruv davomida, ular Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan ajal ogʻusini Qoʻqon shahrida yashovchi, 1986-y.t. ayoldan sotib olganliklari aniqlanib, u ham protsessual tartibda ushlandi.

    Boshqa holatda esa “Qoʻqon-Margʻilon” yoʻnalishida harakatlanayotgan “Neksiya” rusumli avtotransport vositasi Qoʻshtepa tumani hududida toʻxtatilib, koʻzdan kechirilganda, unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan, Qoʻqon shahrida yashovchi, 1997-y.t. ayolga tegishli 1 kg. 941 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

    Tojikistondan keltirilgan mazkur giyohvandlik vositasi ham yuqoridagi holatda koʻrsatilgan, yaʼni Qoʻqon shahrida yashovchi, 1986-y.t. ayolga tegishli boʻlib, uni Margʻilon shahriga sotish uchun olib ketayotgan boʻlgan.

    Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.