DXX tomonidan korrupsiya holatlariga chek qoʻyildi

    Xavfsizlik 7 Noyabr 2023 1633

    Davlat xavfsizlik xizmati Andijonda tuman prokuror oʻrinbosari va yordamchini, Samarqandda esa prokuror yordamchisini pora olayotganda qoʻlga oldi.

    Andijon viloyati Xoʻjaobod tuman prokuraturasi tergovchisi tuman ichki ishlar boʻlimining tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat Kodeksining 168- va 228-moddalari bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllamaslik va tergov harakatlari davomida yengillik yaratib berish evaziga 5 ming AQSH dollari talab qilgan.

    Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda tergovchi soʻralgan pul mablagʻini umumiy ovqatlanish maskanida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
    Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 168- va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

    Tergov jarayonida tergovchiga ushbu pullarni olish boʻyicha koʻrsatmani tuman prokurori oʻrinbosari berganligi toʻliq isbotlanib, u ham qamoqqa olindi.

    Samarqand viloyatida kuzatilgan holatda esa Pastdargʻom tumani prokurori yordamchisi tuman ichki ishlar boʻlimining tergov boʻlimi tomonidan tergov harakatlari olib borilgan jinoyat ishida ayblanuvchi sifatida oʻtayotgan fuqaroga nisbatan sud jarayonida yengillik qilish va sud idoralarida ishlovchi tanishlari orqali qamoqdan chiqarish evaziga, uning qarindoshlaridan 3 ming AQSH dollari talab qilgan.

    Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Samarqand shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, prokuror yordamchisi soʻralgan pul mablagʻidan 2500 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Hozirda holat yuzasidan mazkur mansabdor shaxsga nisbatan viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 168- va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.