DXX Ukraina va Ozarbayjon fuqarolari Toshkent viloyatida tashkil etgan narkolaboratoriyani fosh qildi

    Ular yashirin narkolaboratoriya tashkil etib, xorijdan keltirilgan xom ashyo yordamida sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlash va sotish bilan shugʻullangan.

    Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan bojxona hamda ichki ishlar idoralari bilan hamkorlikda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida tezkor tadbirlar oʻtkazildi.

    Xususan, 1998-y.t. Ukraina fuqarosi va 2001-y.t. Ozarbayjon fuqarosi vaqtincha istiqomat qilayotgan Yuqori Chirchiq tumanidagi xonadonda 411 gr. “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasi, 7 kg.ga yaqin yarim tayyor narkotik moddalar hamda 237 kg. prekursorlar borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

    Maʼlum boʻlishicha, ular ushbu manzilda yashirin narkolaboratoriya tashkil etib, xorijdan keltirilgan xom-ashyolar yordamida sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlash va sotish bilan shugʻullanishgan.

    Sergeli tumanida qayd etilgan holatda, qoʻshni respublikadan xalqaro yoʻlovchi tashuvchi avtobus orqali yuborilgan 4 kg. 799 gr. “Alfa-PVP” sintetik narkotikni qabul qilib olgan vaqtida mazkur tumanda yashovchi, 1985-y.t. shaxs qoʻlga olindi. Aniqlanishicha, u “Telegram” messenjerida faoliyat yurituvchi narkodoʻkon uchun ombor vazifasini bajarib kelgan.

    Boshqa holatda esa, Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi, 1999-y.t. tugʻilgan shaxs oʻzining yashash xonadoni yaqinida joylashgan elektr transformatori ostiga kelgusida sotish maqsadida 584 gr. “gashish” moddasini yashirib qoʻyganligi aniqlanib, ushbu giyohvandlik vositasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Mazkur fuqaro “Telegram” messenjerida narkodoʻkon tashkil qilib, xorijdan olib kelingan giyohvandlik vositalari savdosi bilan shugʻullangan.

    Hozirda uchala holat yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qonunbuzarlarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.