DXX va prokuratura qalbaki pullarning savdoga chiqishiga chek qoʻydi

    Qalbaki 8 300 AQSH dollarini 4 150 AQSH dollariga sotgan shaxslar ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Namangan viloyati boshqarmalari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro F.X. qalbaki 8 300 AQSH dollarini fuqaro E.I.ga 4 150 AQSH dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Departamentning Yashnobod tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa, fuqaro A.K. “G.B.” mehmonxonada xizmat faoliyatini olib borayotgan D.P.ga qalbaki 500 AQSH dollarini 5,2 mln soʻmga sotganligi aniqlangan.

    Departamentning Yangiyoʻl shahar boʻlimi tomonidan Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqarolar D.A. va M.X. Yangiyoʻl shahar dehqon bozorida amalga oshirgan xaridi uchun YATT “K.I.”ning sotuvchisi D.A.ga 2 dona 50 kupyurali qalbaki AQSH dollari berganligi aniqlanib, ularning yonidan qalbaki 300 AQSH dollari ashyoviy dalil sifatida olingan.

    Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qogʻozlar yasash, ularni oʻtkazish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.