DXX xorijda mehnat qilayotgan oʻzbekistonliklarni yangi bir submadaniyat haqida ogohlantirdi

    Davlat xavfsizlik xizmati Rossiyada ishlayotgan fuqarolarimizni A.U.Ye. deb ataluvchi jinoiy harakatdan ogoh boʻlishga chaqirdi.

    Soʻnggi yillarda yoshlar orasida turli jinoiy guruh va submadaniyatlarning taʼsiri keskin oshmoqda.

    Shulardan biri – “A.U.Ye.” deb ataluvchi jinoiy harakat boʻlib, u nafaqat oʻsmirlarni, balki chet elga, ayniqsa Rossiyaga borib ishlayotgan fuqarolarimizni ham oʻz domiga tortayotgani bilan jiddiy xavotir uygʻotmoqda.

    Bu orqali nafaqat ota-onalar, balki mehnat muhojirlarini ham ogohlikka, hayoti va erkinligiga befarq boʻlmaslikka chaqiramiz.

    “A.U.Ye.” oʻzi nima va u qayerda shakllangan?

    “A.U.Ye.” (“Arestantskiy uklad yedin” — “Mahbuslar qoidasi yagona”) — Rossiya Federatsiyasida paydo boʻlgan boʻlib, u yerda jinoyatchilikning alohida shakli sifatida eʼtirof etilgan xavfli harakatdir. U “oʻgʻrilar qonunlari”ni ideallashtirib, qamoqxona madaniyatini oddiy hayotga singdirishni maqsad qilgan.

    Rossiyada bu harakat 2020-yilda rasman ekstremistik tashkilot sifatida taqiqlangan, uning faoliyati uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

    Oʻzbekiston fuqarolari nima uchun ogoh boʻlishi kerak?

    Afsuski, bu tuzilma taʼsiri Rossiyada vaqtinchalik ishlab yurgan ayrim Oʻzbekiston fuqarolariga ham yetib bormoqda. Ommaviy axborot vositalarida va rasmiy manbalarda qayd etilishicha, soʻnggi yillarda bir nechta yurtdoshlarimiz A.U.Ye. harakatini qoʻllab-quvvatlagani yoki unda ishtirok etgani uchun Rossiya qonunchiligiga asosan jinoiy javobgarlikka tortilgan.

    Bu holat nafaqat ularning erkinligiga, balki Oʻzbekiston fuqarolari imijiga ham salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

    A.U.Ye. qanday targʻib qilinadi?

    Guruh aʼzolari asosan internet orqali — ijtimoiy tarmoqlar, chatlar va video platformalarda oʻz saflariga odam jalb qilishadi. Shuningdek, ular mehnat muhojirlari orasida ham “bratva”, “obshak”, “zakon po ponyatiyam” kabi iboralar orqali taʼsir oʻtkazishga harakat qilishadi.

    A.U.Ye. safida yurish shunchaki “ishdan keyingi doʻstona guruh” emas — bu harakat bilan bogʻlanish insonni jinoiy faoliyatga tortadi.

    Bu harakatiga aloqadorlik qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?

    Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga muvofiq, A.U.Ye. harakatlariga aloqadorlik uchun 300 ming rubldan 600 ming rublgacha jarima, yoki 1-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 1-yildan 4-yilgacha majburiy mehnat (axloq tuzatish) ishlariga jalb etish, yoxud 2-yildan 6-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

    Ishsizlik, deportatsiya, insonning huquqiy maqomi, erkin harakat qilish va oila kelajagini xavf ostiga qoʻyadi.

    Ota-onalar va fuqarolarga murojaat:

    • Farzandlaringiz kimlar bilan gaplashmoqda?
    • Rossiyada mehnat qilayotgan tanishlaringiz, qarindoshlaringiz atrofida kimlar bor?
    • “Zakon po ponyatiyam”, “obщak”, “smotryashiy” kabi atamalarni eshitdingizmi?

    Bu kabi belgilarni jiddiy qabul qiling. Har bir kechiktirilgan soʻz — ertaga fojiaga aylanishi mumkin.

    Xulosa oʻrnida:

    • A.U.Ye. — bu faqat Rossiyada emas, balki xorijda mehnat qilib yurgan yurtdoshlarimiz uchun ham real tahdid.