ZOOM platformasida Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasining navbatdan tashqari onlayn Konferensiyasi oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, MOQ raisi oʻrinbosari, mamlakat dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov, federatsiya mutasaddilari, murabbiy hamda hakamlar ishtirok etishdi. Tadbirni Oybek Kasimov kirish soʻzi bilan ochdi.
“Qashqadaryo viloyati yakkakurash sport turlari, xususan dzyudoda potensiali yuqori hisoblanadi. Oʻtgan yillar davomida viloyat dzyudochilarining qoʻlga kiritgan yutuqlari fikrimni tasdiqlaydi. Lekin soʻnggi yillarda natijalar biroz pasayib ketdi. Bundan ham koʻz yuma olmaymiz. Bugungi yigʻilishimizning asosiy sababi ham shu. Barchamizning maqsadimiz – Qashqadaryo dzyudosini koʻtarish, yangi bosqichga olib chiqish. Buning uchun ishning koʻzini yaxshi biladigan, muammolarni bartaraf eta oladigan, murabbiy va dzyudochilar bilan samimiy muloqotga kirishadigan rahbarga ehtiyoj seziladi. Bugungi yigʻilishimizning asosiy sababi ham shu. Nomzodi koʻrsatilgan mutaxassisga MOQ rahbariyati katta ishonch bildiryapti. Biz Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasining tanlovini qoʻllab-quvvatlaymiz”, – dedi MOQ bosh kotibi.
Shundan soʻng Qashqadaryo viloyat dzyudo federatsiyasi rahbarligiga koʻrsatilgan Narbayev Alisher Toʻxtayevich nomzodi ovozga qoʻyildi. Konferensiya qatnashchilari bir ovozdan Alisher Toʻxtayevichni Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasining Qashqadaryo viloyati boʻlimi rahbari etib saylashdi.
“Avvalo, menga bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Bu men uchun sharaf va shu bilan birga zimmamga katta masʼuliyat ham yuklaydi. Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Qashqadaryoga safarlari chogʻida viloyat sportiga ham alohida toʻxtalgandilar. Taʼkidlanganidek, Qashqadaryo viloyatida iqtidorlar bisyor. Faqat ularni oʻz vaqtida aniqlab, yuzaga chiqarish talab etiladi. Bu jarayon esa bevosita murabbiylarga bogʻliq. Vohada talabchan, oʻz ishining usta murabbiylari koʻp. Ular bilan birgalikda zimmamizga yuklanayotgan vazifani bajarishga astoydil harakat qilamiz. Bir yoqadan bosh chiqarib, yagona maqsad sari intilsak, koʻzlangan marra va maqsadga erishamiz. Mening bir oʻzim hech narsaga erisha olmayman. Bu borada tajribali murabbiylarga suyanaman”, – dedi A.Narbayev.
“Alisher Toʻxtayevich Mudofaa vaziri oʻrinbosari boʻlganliklari uchun temir intizomga qatʼiy rioya qiladilar. Har bir sohada boʻlgani kabi sportda ham intizom muvaffaqiyatning birinchi omili hisoblanadi. Oʻylaymizki, Qashqadaryo dzyudosi Alisher Narbayev boshchiligida qisqa fursatda yana avvalgidek yetakchilar qatoriga qaytadi. Bugungi yigʻilishimiz vaziyat taqozosi bilan ZOOM platformasida onlayn tarzda boʻlib oʻtmoqda. Lekin yaqin kunlarda biz, albatta, Qashqadaryoga borishni rejaga kiritganmiz. Bevosita voqea joyida viloyatda dzyudoga qaratilayotgan eʼtibor, murabbiy va dzyudochilarni qiynayotgan muammolar bilan yaqindan tanishamiz. Alisher Toʻxtayevich, yana bir bor sizni tabriklayman va yangi mehnat faoliyatingizga kuch-quvvat tilayman”, – deya yangi rahbarga omad tiladi A.Kamilov.
Konferensiya soʻnggida soʻzga chiqqanlar Qashqadaryo viloyati dzyudosining ertangi kuni, yangi tayinlangan rahbarning salohiyati haqida iliq fikrlarni bildirishdi.