Taʼkidlanishicha, 22 ta davlatning 199 ta ish beruvchi va rekruting agentliklari bilan 320 ta shartnoma imzolangan va oʻzbekistonliklar uchun 72 mingdan ortiq ish joyi ajratilgan. Koreyaning 5 ta okrug va provinsiyalari bilan “Y-8” vizasi asosida qishloq xoʻjaligidagi mavsumiy ishlarga yuborish boʻyicha imzolangan memorandum va kelishuvlarga koʻra dastlabki 420 nafar fuqaro Koreyaga ishga yuborildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga malaka imtihonlarini topshirish uchun uch, yoʻl chiptasini xarid qilish uchun ikki, “ishchi viza”ni rasmiylashtirish uchun besh bazaviy hisoblash miqdorigacha kompensatsiya toʻlanadi.

Shuningdek, mehnat migratsiyasi davrida turli baxtsiz hodisaga uchragan yoki ogʻir kasalga chalingan fuqarolar va ularning voyaga yetmagan farzandlarini vatanga qaytarish va agar ushbu fuqaroni tibbiy xodim kuzatuvi ostida qaytarish zarur boʻlsa tibbiyot xodimining xizmat safari bilan bogʻliq xarajatlar jamgʻarma hisobidan qoplanadi.