Ye-9 vizasiga ega oʻzbek ishchilari soni koʻpayadimi?

    Tashqi mehnat migratsiyasi agentligida Koreya Inson resurslarini rivojlantirish xizmatining Oʻzbekistondagi “EPS” markazi direktori Kvon Txe Gyom bilan uchrashuv oʻtkazildi.

    Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshligʻi M.Mamatxonov, Koreya Inson resurslarini rivojlantirish xizmatining Oʻzbekistondagi “EPS” markazi direktori Kvon Txe Gyom va Agentlik masʼul xodimlari ishtirok etgan tadbirda ikki mamlakat oʻrtasidagi aloqalarni yana-da rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi. Shuningdek, Oʻzbekiston fuqarolarini Koreya Respublikasiga ishga jalb qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar berayotgani taʼkidlandi.

    2020-yilda jami 865 nafar birinchi marotaba hamda 412 nafar qayta shartnoma bilan kelgan fuqarolarga shartnomalar berilgan boʻlib, pandemiya sababli shulardan 90 nafarigina Koreya Respublikasiga tashkiliy tarzda joʻnatilgan. Ayni paytda ming nafardan ortiq fuqarolar tashkiliy tarzda joʻnashni kutib turibdi. Ushbu fuqarolarning ertaroq ish joylariga qaytarish uchun ikki davlatning pandemiya holatidan kelib chiqib tez orada ularni joʻnatish jarayonini amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.

    Uchrashuvda Agentlik rahbari tomonidan 2019-yil 19-aprelda imzolangan Anglashuv memorandumiga oʻzgartirish kiritish taklifi bildirildi, yaʼni qurilish va payvandchilik sohalarini memorandumga kiritish masalasidagi takliflarni muhokama qilish yuzasidan Koreya Respublikasining Bandlik va mehnat vazirligi, Koreya Inson resurslarini rivojlantirish xizmati hamda boshqa tegishli idoralar bilan uchrashuv hamda muzokaralar oʻtkazish va 2021-yil boʻyicha EPS-topik maxsus test imtihonlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

    Uchrashuv yakunida hozirgi kunda Oʻzbekistonda koronavirusdan sogʻayish koʻrsatkichi 98 foizni tashkil qilayotgani, shuni inobatga olib janob Kvon Txe Gyomdan Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda ushbu muammoni hal qilish, yaʼni Oʻzbekistonni qizil hududdan chiqarish va Ye-9 vizasiga ega oʻzbek ishchilarni tashkiliy tarzda joʻnatish sonini koʻpaytirish boʻyicha Hukumat doirasida muzokara oʻtkazish taklifi bildirildi.