Echimi noaniq bo'lib kelgan muammo hal etildi

    Mamlakatimizda 11 Iyun 2020 1985

    Bag'dod tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga CHo'rindi qishlog'ida yashovchi Maxkamovlar oilasining 4 nafar vakili joriy yilning mart oyida Rossiya Federatsiyasining Moskva shahriga olingan aviachiptadan fors-major holat yuzaga kelib foydalana olmaganliklari sababli pulini qaytarib ololmayotganliklari masalasida murojaat qilgan edi.

    Ma'lum bo'lishicha, 4 nafar og'a-ini Mahkamovlar olingan chipta bo'yicha joriy yilning mart oyida Farg'ona (O'zbekiston) – Vnukovo (Moskva, Rossiya) yo'nalishi bo'yicha uchishlari kerak bo'lgan, lekin mamlakatimizda, shuningdek, dunyoning ko'pgina boshqa davlatlarida ham e'lon qilingan karantin tadbirlari natijasida aviaqatnovlarning to'xtatilishi ularning ushbu rejasini amalga oshmay qolishiga sabab bo'lgan. O'z-o'zidan ma'lumki, ularga mazkur holat bo'yicha dastlab biroz shoshmay turishlik so'ralgan, lekin aviaqatnovlarning qachon qayta tiklanishi yuzasidan hech kim aniq ma'lumot bera olmagan. SHundan so'ng ular aviachipta uchun to'langan pulni qaytarilishini talab qilganlar. Lekin shu kunga qadar ular aviachipta pulini qaytarib ololmaganlar.

    Masalani Bag'dod tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan o'rganib chiqilishi jarayonida, iste'molchilarning aviachipta uchun to'langan umumiy summasi 6 280 000 (olti million ikki yuz sakson ming) so'm pullarini qaytarishga erishildi. Bir necha kunlar davomida echimi noaniq bo'lib kelgan muammoni bartaraf etib berilganligi uchun fuqarolar yozma ravishda o'z minnatdorchiliklarini izxor qildilar.

    Hurmatli iste'molchi! Agarda sizning iste'molchi sifatidagi huquqlaringiz buzilsa, O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyaning yagona qisqa raqamli — 1091 ishonch telefoniga murojaat qilishingiz mumkin.

    Dilorom MIRZAEVA,

    O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini

    himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi

    axborot xizmati