Echkemarni oʻldirgan bolalar tabiatga 34 mln soʻm zarar keltirdi

    Ijtimoiy tarmoqlarda surxondaryolik bolalarning echkemarni oʻldirgani haqida xabarlar tarqaldi.

    Bu haqda Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

    Qayd etilishicha, holat yuzasidan viloyat ekologiya boshqarmasi tomonidan oʻrganish ishlari olib borildi. Ushbu holat Surxondaryo viloyati Shoʻrchi tumani «Ozod» mahallasi hududida ikki nafar voyaga etmagan shaxs, mol boqib yurgan vaqtda sodir etilgani aniqlandi.

    Maʼlum boʻlishicha, bolalar shu yilning 26-iyun kuni mahalla hududidagi adirlikda chorva mollarini boqib yurgan vaqtida boʻz echkemar mollarga tashlangan vaqtda bolalar uni oʻldirgan.

    Mazkur holatni sodir etgan fuqarolar hali balogʻat yoshiga yetmaganligi sababli holat yuzasidan birlamchi hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etish uchun tayyorlanmoqda.

    Bundan tashqari boʻz echkemarni nobud qilganligi uchun hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 7-dekabrdagi 649 sonli qarori ilovasiga asosan hisoblanganda 34 million soʻmni tashkil etadi.