Kecha koʻhna qitʼada Yevropa Chempionlar ligasi ikkinchi tur oʻyinlari boshlandi. Turning asosiy uchrashuvlaridan biri Germaniyada boʻlib oʻtdi. Myunxenda “Bavariya” “Barselona”ni qabul qildi. Qizgʻin kurashlar ostida oʻtgan bahsda nemislar 2:0 hisobida gʻalaba qozondi. Joriy yilda “Bavariya”dan “Barselona”ga oʻtgan Robert Levandovski ham Ispaniya klubiga yordam bera olmadi.
Oʻyindan soʻng “Barselona” bosh murabbiyi Xavi “Marca” nashri muxbiriga oʻyin haqidagi oʻz fikrlarini bildirdi:
“Biz “Bavariya”dan yaxshiroq edik, — dedi u. — Raqibni haddan tashqari koʻp kechirdik, ammo ular bizni kechirmadilar – farq shunda. Bizda olti-yettita golli vaziyatlar boʻldi, ammo toʻp kiritishning uddasidan chiqa olmadik.
Birinchi boʻlim butunlay biz ustunlikka erishdik. Natija bellashuvda nima boʻlganini aks ettirmaydi. Lekin bu – Chempionlar ligasi. Agar raqibni kechirsang, buning uchun tovon toʻlaysan...”
Ikkinchi turning qolgan oʻyinlari quyidagi natijalar bilan tugadi:
“Viktoriya” Plzen – “Inter” 0:2
“Sporting” – “Tottenhem” 2:0
“Bayer” – “Atletiko” 2:0
“Liverpul” – “Ayaks” 2:1
“Marsel” – “Ayntraxt” 0:1
“Portu” – “Bryugge” 0:4