“Ijtimoiy daftarlar” mablagʻi faqat kambagʻal oilalarni yashash sharoitini yaxshilash, tibbiyot, taʼlim xizmatlarini koʻrsatish va daromadini oshirishga sarflanadi. Adolat boʻlishi uchun, endilikda bu mablagʻlar tumandagi kambagʻallar soniga qarab taqsimlanadi.

Ijtimoiy daftarlar mablagʻining 30 foizini tuman hokimlariga «Inson« markazlari bilan mahalladagi uy-joy, yoʻl, suv va elektrni yaxshilash uchun ishlatishga ruxsat beriladi.

Yana bir masala – hozirda 400 ta koʻp qavatli ijtimoiy uyda 25 ming aholi istiqomat qiladi. Lekin ular yaqin qarindoshlari va odatiy yashash sharoitidan ancha uzoqlashib qolayotgani taʼkidlandi.

Shu munosabat bilan ehtiyojmand aholini bitta ijtimoiy uy-joyga joylashtirishdan voz kechiladi. Ularga oʻzini mahallasiga yaqin joydagi uyni ijaraga olishga ruxsat beriladi, xarajati qoplab beriladi.

Ijtimoiy himoya agentligi direktori M.Olloyorovga bu borada tegishli topshiriqlar berildi.