Bundan 5-6 yil avval qishloq joylardagi QVPlar, tuman Tibbiyot birlashmalari sharoitlar haminqadar edi. Keyingi yillarda barchamiz guvohi boʻlib turibmizki, chekka qishloqlarda ham aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifatiga alohida eʼtibor qaratib kelinyapti. Jumladan, Samarkand viloyat Jomboy tuman Tibbiyot birlashmasida ham sharoitlar avvalgidan ancha yaxshi. Ayniqsa, rentgen boʻlimi zamonaviy rentgen uskunalarining barcha turlari bilan toʻliq taʼminlandi. Bugungi pandemiya paytida deyarli barcha bemorlar rentgenga murojaat qilishga majbur.

Rentgen xizmati juda ehtiyotkorlik va aniqlikni talab kiladigan soha. Ilk ish boshlagan davrimdagi rentgen apparatlari koʻp noaniqliklarga olib kelardi. Zamonaviy apparatlar esa inson tanasidagi har kanday holatni anik koʻrsata olish imkoniga ega. Shifoxonada davolanayotgan ogʻir bemorlarga koʻchma “Bazik” rusumli rentgen apparatida xizmat koʻrsatamiz. Keksaygan boʻlsam-da, kasbim orkali odamlarga yaxshilik kilishni istayman, — deydi rentgen boʻlimi mudiri Alijon Usmonov.

Kasbiga fidoyiligi uchun bir necha bor viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi, tuman markaziy shifoxonasi maʼmuriyati tomonidan faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan Alijon aka shogirdlariga juda qattiqqoʻl. 18 yildirki, Alijon Usmonov uz kasbining fidoyisi.

Umrining 35 yilini tibbiyotga bagʻishlagan 72 yoshli tibbiyot xodimi xalqqa munosib xizmat qilishdan aslo tolmaydi. Ilohim, mana shunday fidoyi tibbiyot xodimlari safi kengayaversin!