Maʼlumki, YEI va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi birinchi sammitga Oʻzbekiston Respublikasi mezbonlik qiladi. Anjumanda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston yetakchilari ham ishtirok etadi.
– Mazkur tadbir YEI uchun mintaqa bilan hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan manfaatni himoya qilish imkoniyatidir, – deyilgan axborotda. – Geosiyosiy vaziyat tez oʻzgarayotgan hozirgi sharoitda, xususan Rossiya – Ukraina urushi, Afgʻonistonda sodir boʻlayotgan voqealar asnsoida YEI va Markaziy Osiyo munosabatlari strategik jihatdan tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
YEK rahbari Antoniu Koshta ayni payt tartibsizlik va boʻlinish kuchaygan dunyoda yashayotganimizni eslatarkan, YEI uchun yagona toʻgʻri yoʻl mustahkam hamkorlik oʻrnatish orqali tinchlik va farovonlikni taʼminlash ekanini taʼkidlagan.
– Koʻp qutbli dunyo sharoitida yanada faol va anqi maqsadga yoʻnaltirilgan hamkorlik zarur, – deydi u. – I YEI – MO sammiti xalqaro huquq mezoniga toʻliq rioya qilgan holda tinchlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanish yoʻlidagi sheriklikni mustahkamlashga nisbatan qatʼiy qarashimizni tasdiqlaydi.
Soʻnggi yillarda YEI va MO yuqori darajadagi munosabatni faollashtirdi. 2022-yil oktyabrda Qozogʻiston, keyingi yil iyunda Qirgʻiziston yetakchilar uchrashuvini tashkil etdi. Vazirlar darajasida ham qator muzokaralar oʻtkazildi. 2023-yil Lyuksemburgda tomonlar aloqalarni chuqurlashtirish boʻyicha qoʻshma “Yoʻl xaritasi”ni qabul qildi. Ushbu hujjatda mintaqalararo muloqotni mustahkamlashga qaratilgan aniq harakat yoʻnalishlari, shuningdek oliy darajali sammit oʻtkazish majburiyati ham belgilangan.
2025-yil 4-mart kuni Turkmanistonning Ashxobod shahrida boʻlib oʻtadigan Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo 20-vazirlar uchrashuvida asosiy sammitga tayyorgarlik ishlari koʻrib chiqiladi.









