Maʼlumki, 2020-yil 9-may — Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 75 yilligi tadbirlari doirasida Toshkent shahrida “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va gʻoyalari, xalqimizning bunyodkorlik salohiyati bilan ushbu betakror majmuani qurishdek ezgu tashabbus zamirida xalqimizning beayov jang maydonlarida va front ortida koʻrsatgan beqiyos jasorati va matonatini tarix sahifalariga muhrlash, yosh avlodimizni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalab, kamol toptirish maqsadi oʻz mujassamini topgan.
“Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi timsolida tinchliksevarlik va insonparvarlikning oʻzbekona falsafasi amalda yorqin namoyon boʻlgan. Xalqona tinchlikparvar siyosatga bunday yangicha, bunyodkorona yondashuv, taʼbir joiz boʻlsa, Yangi Oʻzbekistonning shiddatli islohotlariga xos muhim xususiyat hamdir.
Shu maʼnoda, 2021-yilda “Tasvir” nashriyoti bilan hamkorlikda “KOLORPAK” MCHJ bosmaxonasida yuksak did va zamonaviy matbaa dizayni asosida oʻzbek, ingliz va rus tillarida katta adadda chop etilgan “Gʻalaba bogʻi falsafasi” nomli salmoqli kitobda muhtasham “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasining yaratilish tarixi, mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida hikoya qilingan. Muallifning fikr va mushohadalari aniq dalil va raqamlar, tarixiy hujjatlar, fotosuratlar, tegishli mavzudagi sheʼrlar va tasviriy sanʼat asarlaridan namunalar bilan mustahkamlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi maʼlumotlariga qaraganda, taqdimot tadbirida rossiyalik talabalarga keyingi yillarda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar borasida atroflicha axborot berilgan.
Uchrashuv yakunida Universitet rektori hamda Nijnevartovsk shahri maʼmuriyatining Qonuniylik va xavfsizlik masalalari boʻyicha boshqarma boshligʻi Sergey Yefremov soʻzga chiqib, Toshkent markazida barpo etilgan “Gʻalaba bogʻi” majmuasining mohiyati va ahamiyati haqida toʻxtalgan. Oʻzbekiston Prezidenti olib borayotgan ichki va tashqi siyosat yuqori baholangan.
Taqdimotdan soʻng Nijnevartovsk shahar meri Dmitriy Koshenko bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda unga “Gʻalaba bogʻi falsafasi” kitobidan bir nusxa hadya kilindi.
Shahar meri kindik qoni tomgan vatani – Oʻzbekistonda 2019-yilda boʻlgani va mamlakatdagi ijobiy oʻzgarishlardan nihoyatda taʼsirlanganini eʼtirof etdi. D.Koshenko Toshkentga kelgusi tashrifi davrida albatta “Gʻalaba bogʻi” majmuasini ziyorat qilishini bildirdi.
Inson huquqlari boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati












