Ekaterinburgda “O'zbek tili do'stlari klubi” tashkil etildi

    Xalqaro hamkorlik 26 May 2020 733

    Ekaterinburgdagi bosh konsulxonamizda “O'zbek tili do'stlari” klubining yig'ilishi bo'lib o'tdi

    Tadbirda Sverdlovsk viloyatining taniqli shaxslari, yurtdoshlarimiz va O'zbekiston jamoat birlashmalari rahbarlari ishtirok etishdi.

    Tashabbuskorlar “o'zbek tili do'stlari” klubining maqsadi va vazifalari haqida gapirib berishdi. Xususan, yangi jamoat tashkiloti o'zbek tili va madaniyatini, milliy urf-odatlarini ommalashtirish, shuningdek, O'zbekistonning sayyohlik salohiyatini targ'ib qilishni aytib o'tishdi.

    Ural davlat pedagogika universiteti dotsenti A. Fisheleva ilmiy doiralar va Rossiya geografik jamiyatining o'zbek xalqining tarixiga, xalq og'zaki ijodiga va mamlakatning taniqli namoyandalariga qiziqishi kuchli ekanligini bildirdi. U mintaqadagi maktab va universitetlarda O'zbekiston va o'zbek tiliga bag'ishlangan “ochiq darslar” o'tkazishni taklif qildi.

    Sverdlovsk viloyatida mashhur prodyuser, rejissyor, aktyor va ko'plab loyihalar muallifi A. Aksenov mahalliy yoshlarning o'zbek tiliga, urf-odatlari va madaniyatiga qiziqishini kuchaytirish uchun O'zbekiston teatrlari va Ural Federal okrugi o'rtasida hamkolrlik o'rnatishni taklif qildi. Teatr kompaniyalarining o'zaro safari, qo'shma kontsert dasturlari, she'riyat va musiqa kechalari, tanlovlar, festivallar va boshqa forumlar Ural va O'zbekiston aholisini ma'naviy boyitishda muhim ahamiyatga ega ekanligini ta'kidladi.

    “Xalqaro diasporalar ittifoqi” va “Gruziya Sakartvelo jamiyati” jamoat tashkilotlari rahbari N. CHavleshveli ushbu klubni tashkil etish g'oyasi o'z vaqtida amalga oshirilganligini ta'kidlab, qo'shma o'zbek-gruzin tadbirlarini o'tkazishga umid bildirdi.

    Evro-Osiyo tadqiqotlari markazi direktori, siyosatshunos A. Rusakov zamonaviy voqelikda odamlar bir necha tillarda gaplashishga, mamlakatlar bo'ylab sayohat qilishga moyil ekanliklari to'g'risida fikr bildirdi. Bugungi kunda ko'plab ruslar, ayniqsa, yoshlar uchun O'zbekiston yoqimli kashfiyotga aylanmoqda. SHuning uchun u yangi jamoat tashkilotiga “O'zbekiston do'stlari” klubi nomini berishni taklif qildi. Ushbu klub doirasida “O'zbek tili do'stlari”, “O'zbek muzeylari do'stlari”, “O'zbek teatri do'stlari” klublari ham faoliyat yuritadi.

    Faol vatandoshimiz, tadbirkor SH. Po'latov internetda o'zbek tilini o'rganish uchun onlayn kontsert dasturini yaratishni, o'zbek xalqining tili, adabiyoti va madaniyati bo'yicha video darslar va ma'ruzalar o'tkazishni taklif qildi.
    SHuningdek, ishtirokchilar "Vatsapp" ijtimoiy tarmog'ida ham “O'zbek tilida so'zlashuvchi do'stlar” klubi guruhi ham tashkil etilganini ma'lum qilishdi.